Sun’iy intellektni davlat boshqaruvida joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi Turkiyada taqdim etildi.
🌎 Turkiyada Astana Civil Service Hub (ACSH), Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi, Koreya Milliy axborot jamiyati agentligi (NIA) hamda BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) hamkorligida o‘tkazilayotgan “Sun’iy intellektni amaliy boshqarish: amaliy qo‘llash holatlari, institutsional salohiyat, keng ko‘lamli innovatsiyalar va global hamkorlik” mavzusidagi mintaqalararo konferensiyada O‘zbekistonning sun’iy intellektni davlat boshqaruvida joriy etish va tartibga solish borasidagi tajribasi taqdim etildi.
📌 Konferensiyaning ikkinchi kuni doirasida “Sun’iy intellektni amaliy boshqarish” mavzusidagi panelda Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Anvarxodja Kadirov “O‘zbekistonning raqamli hukumati” mavzusidagi ma’ruzasida davlat boshqaruvini rivojlantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini davlat boshqaruvi jarayonlariga tatbiq etish hamda ushbu yo‘nalishda institutsional mexanizmlarni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
🔘 Tadbir davomida sun’iy intellektni boshqarishning amaliy mexanizmlari, institutsional salohiyatni rivojlantirish, innovatsion yechimlarni keng miqyosda joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
💬 Konferensiya turli mamlakatlar vakillari va soha ekspertlari o‘rtasida tajriba almashish, sun’iy intellekt sohasidagi samarali boshqaruv yondashuvlarini muhokama qilish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash uchun xalqaro muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.









