Koreya Respublikasining Seul shahrida o‘tkazilayotgan 12-Global AKT yetakchilari forumida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Anvarxodja Kadirov O‘zbekiston Respublikasi vakili sifatida ishtirok etmoqda.
🗣 Forum «Global raqamli farovonlik yo‘lida amaliy AX hamkorliklari» mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, xalqaro hamkorlik orqali sun’iy intellekt imkoniyatlaridan barcha davlatlarning manfaatdor bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan.
Tadbir doirasida quyidagi masalalar muhokama qilinmoqda:
- sun’iy intellektning jamiyat va iqtisodiyotga ta’siri hamda undan samarali foydalanish;
- texnologik taraqqiyot natijalaridan adolatli va teng foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
- asosiy raqamli huquqlarni ta’minlash;
- davlatlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish;
- sun’iy intellekt davrida mamlakatlarning birgalikda rivojlanishiga xizmat qiladigan barqaror ekotizimni shakllantirish.
✅ Forumning asosiy maqsadi — sun’iy intellekt yutuqlari barcha uchun ochiq bo‘lgan jamiyatni barpo etish yo‘lida xalqaro hamkorlikni aniq amaliy tashabbuslar bilan mustahkamlash hisoblanadi.




