"Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston: Muloqotdan amaliy harakatga - yangi davr strategik sherikchiligi” forumi bo'lib o'tdi
Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori A.Kadirov Koreya Respublikasining Seul shahrida bo'lib o'tgan "Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston: Muloqotdan amaliy harakatga - yangi davr strategik sherikchiligi” forumida "Oʻzbekiston bilan AT va sunʼiy intellekt sohasidagi yuqori texnologik hamkorlikning yangi ufqlari" mavzusidagi ma'ruzasi bilan ishtirok etdi.
Mazkur forum Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish, davlat boshqaruvi, ilmiy-tadqiqot, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yoʻnalishlarida amaliy hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirishga bagʻishlandi. Tadbir davomida ekspertlar va mutaxassislar tomonidan zamonaviy boshqaruv yondashuvlari, ilmiy-analitik salohiyatni oshirish, texnologik rivojlanish hamda tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, muassasa rahbari Koreya Respublikasining Iqtisodiyot, gumanitar va ijtimoiy fanlar bo‘yicha Milliy tadqiqotlar kengashi (NRC) vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida ilmiy-tadqiqot sohasida institutsional hamkorlikni rivojlantirish, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlar almashinuvi, qo'shma tadqiqotlar olib borish hamda ilmiy salohiyatni oshirish masalalari muhokama qilindi.





