Konferensiyaning birinchi kuni muvaffaqiyatli yakunlandi
Poytaxtimizda joylashgan School 21 raqamli texnologiyalar maktabida “Kibernetika - zamonaviy sun’iy intellekt poydevori” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanining birinchi kuni muvaffaqiyatli yakunlandi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatov, O'zRFA prezidenti Sh. Ayupov, mahalliy va xorijiy yetakchi olimlar, tadqiqotchilar, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, shuningdek, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov ochib berdi va barcha soha mutaxasisislarini kibernetika institutining 60 yilligi munosabati bilan samimiy tabrikladi. Vazir nutqi davomida davlat rahbari tomonidan sun'iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasiga berilayotgan e'tiborni alohida ta'kidladi.
Anjumanda Indoneziya, Rossiya, Qozog'iston va bir qator xorijiy mamlakatlarining olimlari ham o'z ma'ruzlalari bilan ishtirok etdi. Xususan, Indoneziyaning Sidoarjo Muhammadiya universiteti professori Irwan Alnarus Kautsar "Sun’iy intellekt va kvant hisoblash tizimlarida kibernetikaning roli: jamiyat 5.0 sari" nomli ma'ruzasida kibernetikaning sun’iy intellekt va kvant hisoblash tizimlari bilan uyg‘unlashuvi, aqlli boshqaruv tizimlarining shakllanishi hamda Jamiyat 5.0 konsepsiyasi doirasida inson hayot sifatini oshirishdagi o‘rni haqida muhim ilmiy fikrlarni bayon qildi.
Tadbirning birinchi kuni yalpi majlis, plenar sessiyalar va sho‘ba yig‘ilishlari asosida tashkil etilib, har bir yo‘nalishda alohida ilmiy munozaralar o‘tkazildi.
Anjuman quyidagi sho‘balar kesimida faoliyat olib bordi:
⏺ algoritmlashtirish va boshqarish;
⏺ modellashtirish va optimallashtirish;
⏺ ma’lumotlarni intellektual tahlil qilish;
⏺ matnlar, tasvirlar va nutq signallarini qayta ishlash;
⏺ mashinaviy o‘qitish va bilimlarni tasvirlash;
⏺ raqamli texnologiyalar.
Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari tomonidan ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish hamda tajriba almashuvini kuchaytirish bo‘yicha taklif va tashabbuslar ilgari surildi.










