Sun’iy intellekt loyihalarini hayotga tatbiq etish holati va istiqbollari bo‘yicha ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
✅ Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan sun’iy intellekt sohasidagi loyihalar holatiga bag‘ishlangan ochiq muloqot tashkil etildi.
↪️ Tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligi, Qonunchilik palatasi deputatlari, Sog‘liqni saqlash, Transport, Energetika va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari mas’ul xodimlari hamda Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari ham ishtirok etdi.
Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev ochib berdi va sun’iy intellekt davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashning muhim omiliga aylanayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos o‘z nutqida 2030-yilgacha sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. U davlat organlari faoliyatiga SI yechimlarini joriy etish, mahalliy IT-kompaniyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.
⛓ Muloqotda sog‘liqni saqlash, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida joriy etilayotgan innovatsion yechimlar taqdim etildi. Jumladan, tibbiy diagnostika, energetika obyektlarida intellektual monitoring, jamoat transportida Face Pay va Palm Pay to‘lov tizimlari hamda AgroPortal platformasi haqida ma’lumot berildi.
⬆️ Muloqot davomida, sun’iy intellektni davlat boshqaruviga integratsiya qilish, huquqiy bazani takomillashtirish, tarmoqlararo hamkorlik, mahalliy ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash va kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
✅ Rasmiy sahifalarimiz: Telegram | Instagram | Facebook | YouTube | Website | LinkedIn








