“ICT WEEK UZBEKISTAN 2026” doirasida YUNESKO shafeligida Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar forumi bo‘lib o‘tdi
Ilmiy doiralar, texnologiyalarni boshqarish sohasi va mintaqaviy tashkilotlar vakillarini birlashtirgan ushbu tadbirda Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari ham faol ishtirok etdi.
❕ “Mas’uliyatli sun’iy intellekt kelajagini shakllantirish” mavzusidagi panel sessiyasida Fransiya, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon va Qozog‘istondan sun’iy intellekt etikasi, texnologiyalarni boshqarish va raqamli siyosat bo‘yicha xalqaro ekspertlar, shuningdek, Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik vakili ishtirok etdi.
⭕️ Forumda sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishda inson manfaatlarini ustuvor qo‘yish, ma’lumotlar maxfiyligi va himoyasi, algoritmlarning shaffofligi hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni kamaytirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
✅ Muhokamalarda sun’iy intellekt etikasi tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish, davlat xizmatlarida texnologiyalardan mas’uliyatli foydalanish, global raqobat ustunliklari va xalqaro tartibga solish yondashuvlari muhokama qilindi. Shuningdek, tillar va madaniy xilma-xillikni asrash hamda raqamli suverenitetni saqlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.




