Bugun Toshkent shahridagi School 21 raqamli texnologiyalar maktabida CAAIRO loyihasi doirasida “SIning yangi davri: texnologiyalar, qoidalar va inson” mavzusida birinchi ekspert sessiyasi o‘tkazildi. Ushbu tadbirda turli tashkilot vakillari, talabalar va institut tadqiqotchilari faol ishtirok etdi.
Tadbirda sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi, ularning jamiyat hayotiga ta’siri hamda O‘zbekiston va mintaqaning yangi texnologik sharoitlarga moslashuvi bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi.
Sessiya davomida Yandex kompaniyasining sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha direktori Aleksandr Kraynov katta til modellaridan avtonom SI agentlariga o‘tish va ushbu texnologiyalar asosida yaratilayotgan mahsulotlar haqida so‘z yuritdi. THWS professori, sun’iy intellekt va tabiiy tilni qayta ishlash bo‘yicha mutaxassis Ivan Yamshikov esa til modellarining inson xulq-atvori, ta’lim, mehnat faoliyati va qaror qabul qilish jarayonlariga ta’siri yuzasidan fikr bildirdi.








