Institutda sun'iy intellekt texnologiyalarini Sirdaryo viloyatida keng joriy etish masalalariga bag'ishlangan uchrashuv bo'lib o'tdi
Bugun Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida Sirdaryo viloyati hokimining raqamli texnologiyalar va sun'iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hududiy boshqarmasi rahbari, Yangiyer shahri hamda Mirzaobod tumani hokimlarining sun'iy intellekt bo‘yicha maslahatchilari va viloyat hokimligi vakillari ishtirokida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuv davomida viloyatda sun'iy intellekt texnologiyalari imkoniyatlarini amaliyotga joriy etish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish hamda davlat boshqaruvida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalar yakunida hamkorlikning quyidagi uchta ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi:
➡️ qishloq xo‘jaligi sohasida sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish;
➡️ko‘p qavatli uy-joylarni ichimlik suvi bilan ta'minlash tizimidagi nasoslar faoliyatini sun'iy intellekt asosida boshqarish va monitoring qilish tizimini ishlab chiqish;
➡️hokimlikning axborot-tahlil xizmati faoliyatiga sun'iy intellekt yechimlarini tatbiq etish orqali ish samaradorligini oshirish.
Muzokaralar yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.





