Sun’iy intellekt va fintex bo‘yicha “Key Tech: banklar va fintexda SI” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 26-iyun kuni Toshkentdagi U-Enter markazida O‘zbekiston moliya va texnologiya sohasidagi muhim tadbirlardan biri – “Key Tech: banklar va fintexda SI” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park, AICA, O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi, Fintex assotsiatsiyasi hamda Markaziy Osiyo Fintex assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu konferensiya sun’iy intellektning moliyaviy sektordagi o‘rni va istiqbollarini muhokama qilish uchun soha vakillarini bir joyga jamladi.
Konferensiya doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarining kreditlash, xavflarni boshqarish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish, xavfsizlik, kuzatuv tizimlari va boshqa moliyaviy amaliyotlarga ta’siri muhokama qilindi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan ilg‘or tajribalar va amaliy yechimlar taklif etildi.
Xususan, ushbu konferensiyada Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori A.Kadirov hamda Institut xodimlari ishtirok etdi. Institut direktori "O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari" mavzusidagi nutqida mamlakatimizda sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo'yicha olib borilayotgan islohotlar va davlat dasturlari, sun'iy intellekt texnologiyalarining ilmiy-amaliy asoslarini moliyaviy infratuzilmaga tatbiq etish, shuningdek, muassasada amalga oshirilayotgan ilmiy-innovatsion loyihalar va istiqbollar xususida ma'lumot berdi.
Tadbirda Alif, Payme, Zood, Tenge Bank, TBC Bank, Avo Bank, Yandex Cloud, Sarkor kabi yetakchi kompaniyalar vakillari ham ishtirok etib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ta'kidlash joizki, “Key Tech” konferensiyasi O‘zbekistonda sun’iy intellektni moliyaviy sohalarda keng joriy etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.








