Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha Beruniy nomidagi YUNESKO–O‘zbekiston xalqaro mukofoti ilk bor o’z egalariga topshirildi
YUNESKO va O‘zbekiston hukumati tomonidan hamkorlikda ta’sis etilgan mazkur xalqaro mukofot har ikki yilda bir marotaba sun’iy intellekt sohasidagi etika rivojiga katta hissa qo’shgan shaxs yoki muassasalarga beriladi.
Samarqand shahrida bo’lib o’tgan taqdirlash marosimida yurtimiz mehmonlari, yetakchi olimlar, axborot texnologiyalari mutaxassislari qatorida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti jamoasi ham faol ishtirok etdi.
Xalqaro jyuri birinchi o‘ringa Braziliyalik taniqli olim Virgilio Augusto Fernandes de Almeidani loyiq deb topdi. Ikkinchi o‘rin professorlar Claudia Roda va Susan Perry ga berildi, uchinchi o‘ringa esa Xitoyning Tsinghua Universiteti qoshidagi Sun’iy intellekt xalqaro boshqaruvi instituti sazovor bo’ldi. Mukofot nizomiga muvofiq har bir laureat medal, sertifikat va 30 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Tadbir yakunida sovrindorlar ishtirokida “Etika amallarda” (Ethics in Actions) mavzusida davra suhbati tashkil etildi.





