"Boshqaruvda raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektning tadbiqlari: hozirgi holati va kelajagi" mavzusidagi Respublika ilmiy-texnik anjumani o'z ishini boshladi
Bugun Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining faollar zalida O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, Texnika fanlari doktori, professor To'lqin Fayzievich Bekmuratovning 90 yilligiga bag'ishlangan "Boshqaruvda raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektning tadbiqlari: hozirgi holati va kelajagi" mavzusidagi Respublika ilmiy-texnik anjumani o'z ishini boshladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va RTSIR ITI hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o'rinbosari Oleg Pekos, O'zRFA vitse-prezidenti Sirojiddin Mirzayev, professor va o'qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, Institut xodimlari hamda mehmonlar ishtirok etdi.
Anjumanni RTSIR ITI direktori A.Kadirov ochib berdi va ustoz To'lqin Bekmuratovning kibernetika va raqamli texnologiyalar sohasiga qo'shgan hissasini alohida e'tirof etdi. Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o'rinbosari Oleg Pekos, O'zRFA vitse-prezidenti Sirojiddin Mirzayev hamda Akademik Mirzoyan Kamilov ham o'z ma'ruzasi bilan ishtirok etdi.
Plenar sessiya qismida professor O.Bobomurodov "Akademik, Texnika fanlari doktori, professor T.F.Bekmuratov tavalludining 90 yilligiga", professor F.Adilova “Kvant hisoblashlar yoki shifokorga nima uchun GPT kerak?”, shuningdek, professor D.Muhammadieva "Akademik T.F.Bekmuratovning sun’iy intellekt sohasidagi ilmiy izlanishlari natijalariga retrospektiv tahlil" mavzusida ma'ruza qildi.
Anjuman nafaqat akademik To‘lqin Bekmuratovning ilmiy merosini yodga olish, balki raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt rivojida ilmiy hamkorlik, yangi g‘oyalar va istiqbolli tadqiqotlarga yo‘l ochuvchi muhim maydonga aylandi. Anjumanda bildirilgan fikr va takliflar mamlakatimizda ilm-fan taraqqiyoti hamda boshqaruv tizimida zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash jarayoniga munosib hissa qo‘shishi shubhasizdir.











