Akademik Mirzayan Kamilov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-texnik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori, professor, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Mirzayan Mirzaaxmedovich Kamilov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan “Boshqaruvda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt: buguni va kelajagi” mavzusidagi Respublika ilmiy-texnik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
🆙 Tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari, kibernetika va sun’iy intellekt sohasida uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib kelayotgan akademiklar, davlat arboblari, faxriy professor-olimlar, soha mutaxassislari hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
🟢 Tadbirni Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos ochib berdi va akademik Mirzayan Kamilovni tavalludining 90 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi. U o‘z nutqida olimning uzoq yillik ilmiy faoliyati ilm-fan taraqqiyotida izchil izlanish, yangicha fikrlash va ilmiy jasorat namunasi ekanligini e’tirof etdi. Shuningdek, globallashuv va raqamli transformatsiya sharoitida ilm-fan yutuqlarini iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etish, ilmiy muassasalar, oliy ta’lim tashkilotlari va ishlab chiqarish sektori o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda iqtidorli yoshlarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash muhimligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
🗣️ Tadbirda Institut direktori Anvarxodja Kadirov so‘zga chiqib, akademik Mirzayan Kamilovni qutlug‘ yubileyi munosabati bilan tabrikladi va samimiy izhorlarni bildirdi. Shu bilan birga, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning tabriknomasini o‘qib eshittirdi. Akademikka vazirlik rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
🖥 Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan akademik Mirzayan Kamilovning timsollarni tanib olish va sun’iy intellekt sohasidagi fundamental tadqiqotlari, ilmiy maktabi hamda fan tashkilotchisi sifatidagi faoliyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Olimning ko‘p yillik ilmiy merosi va shogirdlar tayyorlashdagi xizmatlari yosh tadqiqotchilar uchun muhim ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi alohida e’tirof etildi.
✅ Shuningdek, yalpi majlisda “Akademik M.M. Kamilov – olim va ustoz: ilmiy meros va pedagogik da’vat” hamda “Metrik tasniflash uchun pretsedentlarning kompakt bazalarini shakllantirishga topologik yondashuv” mavzularidagi ma’ruzalar tinglandi.
📚 Konferensiya to‘rt sho‘ba bo‘yicha muhokama qilindi:
🔹 Sun’iy intellektning nazariy va amaliy muammolari;
🔹 Mashinaviy o‘qitish va ma’lumotlarni intellektual qayta ishlash;
🔹 Boshqaruvda modellashtirish va algoritmlashtirish;
🔹 Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni amaliy qo‘llash.
🔍 Sho‘balarda yuz va nutq tasvirlarini tanib olish, o‘zbek va qoraqalpoq tillari uchun matn va nutqni qayta ishlash, tibbiy tasvirlarni segmentlash, kvant algoritmlari va postkvant kriptografiya, atmosfera va yer osti suvlari jarayonlarini matematik modellashtirish, qishloq xo‘jaligi texnikasini optimal boshqarish hamda raqamli infrastruktura xavfsizligiga oid dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
📥 Tantanali tadbir yakunida akademik Mirzayan Kamilovning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uning ilmiy maktabi an’analarini davom ettirish hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
📸 Tadbirning qaynoq lahzalarini tomosha qilish uchun havola ustiga bosing!
✅ Telegram | 🌐 Instagram | ♾ Facebook | 📹 YouTube | 🌐 Website | 🌐 LinkedIn









