Dushanbeda xalqaro sun’iy intellekt konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
Kuni kecha 24–25-oktabr Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida “AI Beyond Heights 2025” nomli xalqaro sun’iy intellekt konferensiyasi o‘tkazildi.
Konferensiya Tojikiston Respublikasi hukumati tomonidan BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish uchun sun’iy intellekt imkoniyatlari” rezolyutsiyasiga muvofiq tashkil etildi.
Tadbir doirasida Perplexity, NVIDIA, G42 , Oracle kabi yetakchi xalqaro kompaniyalar ishtirok etdi. Shuningdek, 20 dan ortiq davlatlardan rasmiy delegatsiyalar qatnashib, 50 dan ziyod xalqaro kompaniyalar o‘z mahsulot va innovatsion ishlanmalarini namoyish etdilar.
O‘zbekistondan Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori A.Kadirov va Markaziy Osiyo Fintex Assotsiatsiyasi raisi Otabek Nasirov ham konferensiyada ishtirok etdi.
Ushbu tadbir sun’iy intellekt sohasida davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash, yangi imkoniyatlarni kashf etish va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etdi.




