"Sun’iy intellekt texnologiyalari: qonunchilik, tadqiqotlar va xalqaro hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiya o'tkazildi
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari O.Pekos, Oliy Majlisning Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev, O'zRFA vitse-prezidenti Sh.Turdikulova hamda deputatlar, vazirlik va tashkilotlar xodimlari, xalqaro ekspertlar va sun’iy intellekt sohasining yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.
Konferensiya sun'iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish, qonunchilikdagi o'zgarishlar va sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohot hamda xalqaro hamkorlik aloqalari kabi dolzarb mavzular muhokamasiga bag'ishlandi.
Tadbirda Institut direktori A.Kadirov "Sun’iy intellektni tartibga solishning zamonaviy muammolari va vazifalari" mavzusidagi ma'ruzasi bilan ishtirok etib, sun’iy intellekt sohasini huquqiy tartibga solish zarurati, zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘liq xavf va imkoniyatlar hamda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, Institut direktorining ilm-fan bo'yicha o'rinbosari D.Axmedov ilmiy hamjamiyatda muhokama qilib borilayotgan sun’iy intellekt sohasiga oid dolzarb tadqiqot yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.
Ushbu konferensiya sohada ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, texnologiyaning qonuniy asoslarini mustahkamlash va ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish hamda amaliyotga joriy etishda muhim asos bo'lib xizmat qiladi.





