“MDH mamlakatlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forum o'z nihoyasiga yetdi
7-8-avgust kuni Samarqandda bo'lib o'tgan “MDH mamlakatlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forum o'z nihoyasiga yetdi.
Ikkinchi kun dastur asosida kelajakdagi imkoniyatlar va strategik qarashlarga yo‘naltirildi. Unda sun’iy intellekt sohasida yetakchi mutaxassislar, tajribali ekspert hamda tadqiqotchilar ishtirok etib, global rivojlanish tendensiyalari, ilg‘or texnologiyalar va ularning keyingi 5–10 yil ichidagi taraqqiyot yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar.
“AI Horizons” nomli ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi forsayt-sessiyada an’anaviy ma’ruzalar o‘rniga ishtirokchilarning faol qatnashuvi asosidagi interaktiv guruh mashg‘ulotlari tashkil etildi. Tadbir davomida katta til modellari va generativ sun’iy intellekt kabi hozirgi zamonaviy yutuqlar bilan birga, yaqin kelajakda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin bo‘lgan innovatsion yo‘nalishlar yuzasidan strategik fikr va tashabbuslar muhokama qilindi.
Mazkur nufuzli tadbir sun’iy intellekt sohasida davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion yechimlar almashinuvi va barqaror raqamli ekotizimlarni shakllantirishda platforma vazifasini o'tadi.
2 kun davom etgan ushbu forum sohadagi eng yetuk mutaxasislarni bir joyda jamlash bilan birga, yangi yo'nalish va g'oyalarni kashf etish hamda hamkorlik aloqalarni mustahkamlashda ham o'zining munosib hissasini qo'shdi. Tadbir yuksak saviya va yuqori kayfiyatda o'z yakuniga yetdi.







