Ertaga Samarqandda MDH mamlakatlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro forum boshlanadi
Jahonda raqamli transformatsiya jarayonlari jadal sur’atlarda rivojlanib, iqtisodiyot, ilm-fan, tibbiyot, ta’lim, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalarda sun’iy intellekt texnologiyalari keng qo‘llanilmoqda. Zamonaviy dunyoda sun’iy intellekt nafaqat taraqqiyotning bosh omili, balki davlatlarning raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishini ta’minlovchi asosiy vositalardan biriga aylanib bormoqda.
Shu nuqtai nazardan, sun’iy intellektni rivojlantirish, uni milliy soha va tarmoqlarda joriy etish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda global tendensiyalarga hamohang harakat qilish har bir davlat uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ–358-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-iyuldagi “2025-2026-yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida ustuvor loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 425-son qarorlarida anashunday ustuvor maqsad va vazifalar belgilab berilgan. Qaror ijrosi doirasida, mamlakatimizda sun’iy intellekt va raqamlash sohalarida ilmiy, texnologik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan 2025-yil 7–8-avgust kunlari Samarqand shahridagi “Hilton Samarqand Regency” mehmonxonasida “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning ekspert va mutaxassislari ishtirokida sun’iy intellektni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan forum” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tadi.
Forumda MDHga a’zo davlatlar: Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan 50 nafardan ortiq yetakchi mutaxassislar, ekspertlar, soha rahbarlari va IT kompaniyalar vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Tadbir IT-Park, Artificial Intelligence Journey (AIJ), Huawei, Yandex, DataVolt ko‘magida o‘tkazilmoqda.
Forum dasturida quyidagilar nazarda tutilgan:
• Sun’iy intellekt sohasidagi dolzarb masalalar va yangi tendensiyalar yuzasidan panel muhokamalari;
• Biznes uchrashuvlar, tajriba va innovatsion yechimlar almashinuvi;
• Samarqand shahrining boy tarixi va madaniy merosi bilan tanishish maqsadida madaniy tadbirlar, ekskursiyalar tashkil etiladi.
Mazkur xalqaro forum MDH davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, umumiy siyosat va standartlarni muvofiqlashtirish, innovatsion yechimlarni birgalikda ishlab chiqish va yangi ilmiy-texnik istiqbollarni belgilash uchun muhim maydon hisoblanadi.
Forum yakunida davlatlar o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma loyihalar amalga oshirish hamda sun’iy intellekt sohasidagi siyosatni muvofiqlashtirish bo‘yicha qator kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.


