Xitoy Fanlar Akademiyasiga qarashli Shinjon Texnik Fizika va Kimyo Instituti delegatsiyasi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Kuni kecha Raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutiga Xitoy Fanlar Akademiyasiga qarashli Shinjon Texnik Fizika va Kimyo Instituti delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Dastlab, Institut direktori A.Kadirov vakillarni Institutning ilmiy va ishlab chiqarish salohiyati bilan tanishtirib, amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusi istiqbollar xususida ma'lumot berdi. Shuningdek, mehmonlarga amalga oshirilgan va hozirda davom etayotgan loyihalar bo‘yicha batafsil taqdimot qilindi va ularning ilmiy-texnik ahamiyati hamda real sektor bilan integratsiyasi yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Tadbir davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, xususan, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, dori vositalarini kashf etishda sun’iy intellektdan foydalanish, an’anaviy o‘simlik dorilarini raqamli tahlil va modernizatsiya qilish, tabiiy tilni qayta ishlash hamda kam resursli tillar uchun mashinaviy tarjima va intellektual video tarjima texnologiyalarini yaratish, shuningdek, ilmiy kadrlar almashinuvi va yosh tadqiqotchilarni tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Ushbu uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo'shma tadqiqot mexanizmlarini takomillashtirish hamda tomonlarning ilmiy va innovatsion faoliyatini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.







