"Tadbirkor ayollar uchun sun'iy intellekt: asoslardan amaliyotgacha" mavzusidagi trening o'z ishini boshladi
Poytaxtimizda joylashgan Toshkent Xalqaro ta'lim universitetida Raqamli texnologiyalar vazirligi, YUNESKO, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda Toshkent Xalqaro ta'lim universiteti hamkorligida tashkil etilgan "Tadbirkor ayollar uchun sun'iy intellekt: asoslardan amaliyotgacha" mavzusidagi trening o'z ishini boshladi.
Tadbirni Yoshlar va ayollarni IT-ga jalb qilish va O’zbekistonni mintaqaviy IT-markazga aylantirish masalalari bo’yicha Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova ochib berdi. Shuningdek, tadbirda YUNESKOning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi hamda Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Anvarxodja Kadirov ishtirok etib, trening ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Mazkur trening O‘zbekistonning raqamli taraqqiyotida ayollarning faol ishtirokini ta’minlash, ularning texnologik bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shuningdek, trening orqali ishtirokchilarning bilim va malakalarini oshirish hamda ularni global texnologik jarayonlarga moslashtirish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot o’rnida, ushbu trening 11-aprelga qadar davom etadi.






