“Kibernetika - zamonaviy sun’iy intellekt poydevori” mavzusida tadbir bo'lib o'tdi
Raqamli texnologiyalar vazirligi binosida “Kibernetika - zamonaviy sun’iy intellekt poydevori” mavzusidagi tadbir bo'lib o'tdi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligi rahbariyati vakillari, institut xodimlari hamda kibernetika va zamonaviy sun’iy intellekt sohasiga hissa qo‘shgan olimlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov so‘zga chiqib, kibernetikaning mamlakatimiz ilm-fani rivojidagi ahamiyati, ustoz va olimlarimizning faoliyati, sun’iy intellekt sohasidagi ilmiy faoliyatni rivojlantirish istiqbollari, innovatsion yechimlar va mahsulotlarni ishlab chiqishda ilmiy tadqiqotlarning o'rnini mustahkamlash, sohada ilmiy kadrlar tayyorlashni kuchaytirish masalalariga alohida urg'u berdi. Shuningdek, sun'iy intellekt sohasidagi dolzarb mavzularda ilmiy-tadqiqot loyihalari takliflarini taqdim etish yuzasidan alohida ko'rsatmalar berildi.
Tadbir davomida kibernetika sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan 16 nafar olim Raqamli texnologiyalar vaziri tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg'asi bilan taqdirlandi.
Institut direktori A.Kadirov o'z so'zida Institutning rivojlanish holati va istiqbollari, Institut oldida turgan vazifalar to'g'risida ma'lumot berdi. Shuningdek, akademik M.Kamilov so'zga chiqib, O'zbekistonda kibernetika fanining rivojlanishi tarixini o'zi guvoh bo'lgan hayotiy misollar bilan yoritib berdi va ushbu uchrashuv kelgusi ilmiy izlanishlar rivoji uchun muhim voqelik ekanligini ta'kidladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar kibernetika va sun’iy intellekt sohalarining kelajakdagi taraqqiyoti, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar. Mazkur uchrashuv nafaqat soha mutaxassislari uchun muloqot maydoniga aylandi, balki mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan strategik maqsadlarning amalga oshirilishida muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.







