Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti Noshirlik kengashining ISH TARTIBI
RTSIR ITIning 2026-yil 30-oktabrdagi 105-son buyrug‘iga 2-ilova
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 1-maydagi 170-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Noshirlik kengashlarining namunaviy ish tartibi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) Noshirlik kengashining (keyingi o‘rinlarda – Kengash) vazifalari, tarkibi hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Kengash Institut xodimlari, doktorantlari, stajyorlari va mustaqil izlanuvchilarining ilmiy qo‘lyozmalari va nashrlari, shuningdek, Institutga affillangan boshqa barcha ilmiy nashrlarning yuqori sifatini ta’minlash, ilmiy ishlarga etik jihatdan hamrohlik qilish hamda tadqiqot natijalarining yuqori reytingli ilmiy nashrlarda e’lon qilinish darajasini oshirish maqsadida tashkil etiladi.
3. Kengash mualliflar va nashriyotchilarning huquqlarini himoya qiladi, nashriyot etikasi buzilishi bilan bog‘liq holatlarni ko‘rib chiqadi va tegishli tavsiyalar beradi.
4. Kengash faoliyati nashr etilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalarining yaxlitligi, o‘ziga xosligi va yangiligini ta’minlashga, Institut tomonidan nashr etiladigan ilmiy nashrlar sifatini oshirishga, shuningdek, Institut xodimlari va izlanuvchilarining tashqi ilmiy nashrlarda e’lon qilinadigan ishlari ustidan ilmiy etika nazoratini amalga oshirishga qaratilgan.
5. Kengash o‘z faoliyatida amaldagi qonunchilik hujjatlari, xalqaro ilmiy noshirlik standartlari, Institut Ustavi, Institutning Ilmiy etika qoidalari hamda ushbu Ish tartibiga amal qiladi.
6. Ushbu Ish tartibida quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
affillangan nashr – mualliflardan kamida biri Institutni o‘z ish joyi (affiliatsiyasi) sifatida ko‘rsatgan ilmiy maqola, monografiya, tezis yoki boshqa ilmiy nashr;
ilmiy maqola – muayyan ilmiy mavzu bo‘yicha olib borilgan tadqiqot, tajriba yoki adabiyotlar tahlili natijalarini ixtisoslashgan ilmiy jurnalda bayon etuvchi mualliflik ishi;
ilmiy metodologiya – tadqiqot faoliyatini tashkil etish, uning tuzilishi va tamoyillarini belgilaydigan, ishonchli ilmiy bilim olish usullari va yondashuvlari tizimini qamrab oluvchi ilmiy ta’limot;
IMRAD – ilmiy maqolaning “Kirish” (Introduction), “Usullar” (Methods), “Natijalar” (Results) va “Muhokama” (Discussion) bo‘limlaridan iborat xalqaro miqyosda qabul qilingan tuzilmasi;
insofsiz (“yirtqich”) nashr – materiallarni tegishli ilmiy taqrizsiz, asosan to‘lov evaziga e’lon qiluvchi, o‘zining xalqaro ma’lumotlar bazalaridagi indeksatsiyasi, tahririyat tarkibi yoki ilmiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi ma’lumot beruvchi ilmiy jurnal yoki to‘plam;
taqrizlash – ilmiy maqolani nashr etishdan avval soha mutaxassislari (ekspertlar) tomonidan uning ilmiy saviyasi, yangiligi, ishonchliligi va talablarga mosligini xolisona baholash jarayoni;
retraksiya – nashr etilgan materiallarni rasman qaytarib olish yoki tuzatish jarayoni bo‘lib, u boshqa tadqiqotchilarni ushbu material natijalaridan noto‘g‘ri foydalanish ehtimoli haqida ogohlantirish va ilmiy ishonchlilikni ta’minlashga xizmat qiladi.
2-bob. Kengashning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari
7. Kengashning asosiy vazifasi xalqaro professional tashkilotlar va ilmiy nashriyotlar tomonidan qabul qilingan ilmiy etika qoidalari hamda tavsiyalarining Institutda amalga oshirilishini ta’minlash va nazorat qilishdan iborat.
8. Kengash quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi:
qo‘lyozma va nashrlar sifatini nazorat qilish – ilmiy maqolalarning nashrga taqdim etilishidan avval xalqaro talablar (jumladan, Scopus va Web of Science ma’lumotlar bazalari talablari hamda IMRAD standarti) asosida rasmiylashtirilganligini tekshirish;
qo‘lyozmalarni ilmiy taqrizdan o‘tkazish – plagiat holatlarini, ilmiy metodologiyaning to‘g‘ri qo‘llanilishini, ma’lumotlarning mantiqiy ketma-ketligi va muvofiqligini hamda natijalarning ishonchliligini majburiy tekshirish;
ilmiy ishlarga etik jihatdan hamrohlik qilish – Institutning Ilmiy etika qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, shu jumladan, generativ sun’iy intellektdan foydalanish masalalari va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish;
ilmiy nashrlar monitoringi – insofsiz (“yirtqich”) nashrlarda e’lon qilinishining oldini olish maqsadida jurnal va to‘plamlarning xalqaro ma’lumotlar bazalaridagi indeksatsiyasini tekshirish hamda monitoring qilib borish;
Ilmiy etika qoidalari jiddiy buzilganligi yoki ma’lumotlarning ishonchsizligi aniqlangan taqdirda, nashr etilgan materiallarni tuzatish yoki nashrlarni qaytarib olish (retraksiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish va tegishli tavsiyalar berish;
xalqaro standartlar va ilmiy etika qoidalari buzilishiga oid ariza, murojaat va shikoyatlarni ular kelib tushgan kundan boshlab 15 ish kuni ichida (qo‘shimcha o‘rganish talab etilganda bir oygacha) ko‘rib chiqish hamda tegishli xulosa va tavsiyalar tayyorlash;
Institut tomonidan nashr etiladigan ilmiy jurnal va to‘plamlarning ilmiy etika qoidalariga muvofiqligini baholash jarayonlarida ishtirok etish;
ixtisoslashtirilgan seminarlar, vebinarlar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish;
tadqiqotchilar, mualliflar, muharrirlar va taqrizchilar tomonidan ilmiy tadqiqot natijalarini nashr etish va tarqatishda axloqiy me’yorlarga rioya etilishini ta’minlash.
9. Kengash Institutda ilmiy maqolalarni tayyorlash va nashrga tavsiya etish tartibini, ichki va tashqi taqrizlash mexanizmlarini, plagiat va ma’lumotlarni soxtalashtirishga qarshi choralarni doimiy ravishda takomillashtirib boradi.
10. Kengash ilmiy ishlarni tahlil qilish, plagiat holatlari, ma’lumotlarni manipulyatsiya qilish yoki ilmiy etikaga zid xatti-harakatlarni aniqlash maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan axborot tizimlaridan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi. Bunda yakuniy xulosa va qarorlar qabul qilishda insonning intellektual ishtiroki va axloqiy mas’uliyati ustuvor hisoblanadi.
11. Kengash Institutning ilmiy noshirlik faolligini son, sifat va ishonchlilik ko‘rsatkichlari, shuningdek, retraksiya holatlari bo‘yicha tahlil qiladi hamda ilmiy faoliyat sifati to‘g‘risidagi yillik hisobotni Institutning rasmiy veb-saytida e’lon qilib boradi.
3-bob. Kengashning tarkibi
12. Kengash 3 kishidan kam bo‘lmagan a’zolardan iborat tarkibda Institut direktorining buyrug‘i bilan tashkil etiladi.
13. Kengash tarkibi Scopus yoki Web of Science ma’lumotlar bazalarida Xirsh indeksi (h-index) 3 va undan yuqori bo‘lgan, nashrlarning ilmiy va etik jihatlarini ekspert baholash uchun zarur malaka va tajribaga ega olimlardan shakllantiriladi.
14. Kengashga Institut direktori, direktorning ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari yoki direktorning fan bo‘yicha maslahatchisi raislik qiladi. Kengashning ish yurituvi, hujjatlar aylanmasi va tashkiliy masalalarini muvofiqlashtirish maqsadida Kengash a’zolaridan biri Kengash kotibi etib tayinlanadi.
15. Kengash raisi:
Kengash faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va uning vazifalari bajarilishi uchun javob beradi;
Kengash yig‘ilishlarini chaqiradi, ularning kun tartibini belgilaydi va yig‘ilishlarga raislik qiladi;
qo‘lyozmalarni ko‘rib chiqish uchun taqrizchilarni tayinlaydi;
Kengash xulosalari va yig‘ilish bayonnomalarini imzolaydi;
Kengash faoliyati yuzasidan Institut direktoriga axborot berib boradi.
16. Kengash kotibi:
ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan qo‘lyozmalarni qabul qiladi va ro‘yxatga oladi;
Kengash yig‘ilishlarini tayyorlaydi, a’zolarni yig‘ilish vaqti va kun tartibi to‘g‘risida xabardor qiladi;
yig‘ilish bayonnomalarini rasmiylashtiradi, Kengash xulosalari reyestrini yuritadi va hujjatlarning saqlanishini ta’minlaydi;
Kengash qarorlari, xulosalari va yillik hisobotlarini Institutning rasmiy veb-saytida e’lon qilish uchun Matbuot kotibiga taqdim etadi.
17. Kengash a’zolari Institutning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda doimiy rag‘batlantirib boriladi.
18. Zarur hollarda Kengash muayyan masalalar yuzasidan Institutning boshqa xodimlarini hamda mustaqil ekspertlarni jalb qilish huquqiga ega.
19. Kengash tarkibi zaruratga ko‘ra, lekin kamida yiliga bir marta Kengash a’zolarining ilmiy ko‘rsatkichlari (h-index) inobatga olingan holda qayta ko‘rib chiqiladi.
4-bob. Ilmiy qo‘lyozmalarni ko‘rib chiqish tartibi
20. Institut affiliatsiyasi bilan tayyorlangan ilmiy maqola, monografiya, tezis va boshqa ilmiy nashrlarning qo‘lyozmalari (keyingi o‘rinlarda – qo‘lyozma) ilmiy jurnal, nashriyot yoki ilmiy anjumanga yuborilishidan oldin Kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi.
21. Muallif (mualliflar jamoasi vakili) Kengash kotibiga quyidagilarni taqdim etadi:
qo‘lyozmaning to‘liq matni (elektron shaklda);
qo‘lyozma yuborilishi rejalashtirilayotgan ilmiy jurnal (to‘plam) nomi va uning xalqaro ma’lumotlar bazalaridagi indeksatsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumot;
mualliflar tarkibi, har bir muallifning hissasi hamda manfaatlar to‘qnashuvi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumot;
sun’iy intellekt vositalaridan foydalanilganligi yoki foydalanilmaganligi to‘g‘risidagi bayonot;
tegishli tarkibiy bo‘linma rahbarining (ilmiy rahbarning) tavsiyasi.
22. Kengash raisi qo‘lyozmani ko‘rib chiqish uchun Kengash a’zolari orasidan, zarur hollarda esa tashqi ekspertlar orasidan taqrizchi tayinlaydi. Kengash a’zosining o‘z qo‘lyozmasi, shu jumladan, u hammuallif bo‘lgan qo‘lyozma boshqa a’zo yoki tashqi ekspert tomonidan ko‘rib chiqiladi.
23. Taqrizchi qo‘lyozmani ushbu Ish tartibining 8-bandida belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha, shu jumladan, plagiatni aniqlash tizimlari yordamida tekshiradi. Qo‘lyozma ro‘yxatga olingan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
24. Ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra quyidagi xulosalardan biri beriladi:
“nashrga tavsiya etiladi”;
“kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng nashrga tavsiya etiladi”;
“nashrga tavsiya etilmaydi” (asoslari ko‘rsatilgan holda).
Xulosa taqrizchi va Kengash raisi tomonidan imzolanadi. Muallif xulosaga rozi bo‘lmagan taqdirda, masala Kengashning navbatdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.
25. Kengash tomonidan nashrga tavsiya etilgan qo‘lyozma uni ochiq e’lon qilish yoki uzatish imkoniyati to‘g‘risida xulosa olish uchun Maxfiylik rejimi va nashrlarni nazorat qilish bo‘yicha ekspert komissiyasiga taqdim etiladi. Qo‘lyozma Kengashning tavsiya xulosasi va ekspert komissiyasining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirdagina nashrga yuboriladi.
26. Insofsiz (“yirtqich”) jurnal va to‘plamlarda, shuningdek, xalqaro ma’lumotlar bazalaridan chiqarilgan yoki indeksatsiyasi to‘xtatilgan nashrlarda Institut affiliatsiyasi bilan maqola e’lon qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
27. Kengash xulosalari reyestri Kengash kotibi tomonidan yuritiladi va Kengashning yillik hisobotini tayyorlashda foydalaniladi.
5-bob. Kengash faoliyatini tashkil etish tartibi
28. Kengash yig‘ilishlari har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi. Zarur hollarda Kengash raisining qaroriga ko‘ra qo‘shimcha yig‘ilishlar o‘tkazilishi mumkin.
29. Yig‘ilish Kengash a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli (kvorum mavjud) hisoblanadi.
30. Kengash yig‘ilishlari an’anaviy yoki masofaviy (onlayn) shaklda o‘tkazilishi mumkin. Kengash a’zosi o‘ziga bevosita aloqador bo‘lgan qo‘lyozma, maqola, jurnal yoki mualliflarga oid masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etmaydi.
31. Kengash qarorlari yig‘ilishda ishtirok etayotgan a’zolarning oddiy ko‘pchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
32. Kengash qarorlari yig‘ilish o‘tkazilgan sanadan boshlab besh ish kuni ichida bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi va Institutning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Bunda shaxsga doir ma’lumotlar, maxfiy ma’lumotlar hamda nashr etilmagan ilmiy natijalar oshkor etilmaydi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
33. Kengash faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan qarorlar, xulosalar va yillik hisobotlar Institutning rasmiy veb-saytida muntazam ravishda e’lon qilib boriladi.
34. Kengash o‘z vakolatlari doirasida oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar, nashriyotlar hamda xalqaro ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish huquqiga ega.
35. Kengash faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlash, shu jumladan, hujjatlar aylanmasi, yig‘ilishlarni tashkil etish va qarorlar ijrosini nazorat qilish Institut tomonidan amalga oshiriladi.
36. Ushbu Ish tartibida nazarda tutilmagan masalalar amaldagi qonunchilik hujjatlari va Institutning ichki hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
37. Ushbu Ish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar Institut direktorining buyrug‘i bilan kiritiladi.