O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR VAZIRLIGI
RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR VA SUN'IY INTELLEKTNI RIVOJLANTIRISH ILMIY-TADQIQOT INSTITUTI
BUYRUG‘I
2025-yil 6-yanvar 1-i/ch – son Toshkent sh.
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida konfidensial axborotni tashkil etuvchi ma’lumotlar bilan ishlashni tartibga solish to‘g‘risida
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida konfidensial axborotni tashkil etuvchi ma’lumotlar bilan ishlashni tartibga solish maqsadida buyuraman:
1. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida (keyingi o‘rinlarda – Institut) konfidensial axborotni tashkil etuvchi ma’lumotlar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq, Institutda konfidensial axborot bilan ishlash talablari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Institutda faoliyat olib boruvchi barcha xodimlar va Institut huzuridagi oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida tahsil oluvchi izlanuvchilar Institutda konfidensial axborotni tashkil etuvchi ma’lumotlar ro‘yxati va Institutda konfidensial axborot bilan ishlash talablarini ma’lumot va ijro uchun qabul qilsin.
3. Belgilansinki, direktor o‘rinbosarlari o‘z bo‘ysunuvlaridagi bo‘linmalarda, Institut bo‘linmalari boshliqlari o‘z bo‘linmalarida, Institutning barcha xodimlari va tahsil oluvchilari o‘z faoliyatlari doirasida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan konfidensial axborot muhofazasi va u bilan ishlash talablari bajarilishi uchun mas’ul hisoblanadi.
4. Institutda konfidensial axborot bilan ishlash talablari bajarilishi ustidan umumiy nazorat Direktorning ishlab chiqarish bo’yicha o‘rinbosari tomonidan olib boriladi.
5. Xodimlar bilan ishlash bo‘limi (F.Gulamova) yangi xodimlarni ishga qabul qilishda (mehnat shartnomalari yoki fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar asosida) ularning Institutda konfidensial axborotni tashkil etuvchi ma’lumotlar ro‘yxati va Institutda konfidensial axborot bilan ishlash talablari bilan tanishtirilishini ta’minlasin.
6. Ilmiy kotib I.Xolmatova Institutda tashkil etilgan amaliyot, stajirovka va almashuv dasturlari ishtirokchilarini Institutda konfidensial axborotni tashkil etuvchi ma’lumotlar ro‘yxati va Institutda konfidensial axborot bilan ishlash talablari bilan tanishtirilishini ta’minlasin.
7. Mazkur buyruqning bajarilishini nazorat qilishni o‘z zimmamda qoldiraman.
Direktor A. Kadirov
RTSIR ITI
2025-yil 06-yanvardagi
1/i-ch-son buyrug‘iga
1-ilova
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida konfidensial axborotni tashkil etuvchi ma’lumotlar
RO‘YXATI
1. Shaxsga doir ma’lumotlar.
1.1. Institut xodimlarining shaxsga doir ma’lumotlari va ularning professional faoliyatiga doir ma’lumotlar.
1.2. Institut huzuridagi oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida tahsil oluvchi izlanuvchilar, Institutda tashkil etilgan amaliyot, stajirovka va almashuv dasturlari ishtirokchilari va boshqa tahsil oluvchilarning shaxsga doir ma’lumotlari.
1.3. Institut hamkor tashkilotlariga oid va Institut faoliyati yuzasidan Institut tasarrufiga kelib tushgan boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlari.
2. Moliyaviy-iqtisodiy ma’lumotlar.
2.1. Institut xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq lavozim maoshi, ustamalar, mukofotlar, qo‘shimcha haqlar va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
2.2. Institut huzuridagi oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida tahsil oluvchi izlanuvchilarning stipendiyalari, ilmiy rahbar va maslahatchilarning soatbay va boshqa turdagi to‘lovlariga to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
2.3. Institutning hamkor tashkilotlari bilan o‘zaro hisob-kitoblariga oid ma’lumotlar.
2.4. Institut tomonidan bajarilgan yoki bajariladigan ilmiy-tadqiqot va boshqa loyihalarning moliyaviy ko ‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
3. Texnik va texnologik infratuzilma ma’lumotlari.
3.1. Institut korporativ axborot tarmog‘ining tuzilishi, shuningdek, tarmoqni himoyalash vositalari va tizimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
3.2. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq axborot egasi tomonidan foydalanish cheklangan obyektlarning joylashuvi, texnik jihozlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
3.3. Ma’lumotlar bazalari bilan ishlash uchun dasturiy ta’minot vositalariga kirish uchun parollar, kalitlar.
3.4. Serverlar, ishchi stansiyalar (kompyuterlar), axborot tizimlarining logfayllari.
4. Ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish faoliyati ma’lumotlari.
4.1. Qonunchilik hujjatlari va/yoki shartnomaviy munosabatlarga muvofiq Institut bo‘linmalari, xodimlari va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilgan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari hamda loyihalarning natijalari, hisobotlari, moliyaviy ko‘rsatkichlariga oid ma’lumotlar.
4.2. Qonunchilik hujjatlari va/yoki shartnomaviy munosabatlarga muvofiq Institut bo‘linmalari, xodimlari va jismoniy shaxslar tomonidan to‘plangan ma’lumotlar, shakllantirilgan ma’lumot to‘plamlari, yaratilgan axborot resurslari.
4.3. Patent yoki guvohnoma olingunga qadar va rasmiy nashr etilgunga qadar ixtiro, foydali model yoki sanoat namunasining mohiyatini tashkil etuvchi ma’lumotlar.
4.4. Yaratilgan ixtiro va ishlanmalarga oid, yaratuvchi tomonidan tarqatilishi cheklangan ularning mohiyatini tashkil etuvchi har qanday ma’lumotlar.
5. Institutning hamkorlik faoliyatiga oid ma’lumotlar
5.1. Institutning hamkor tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar, memorandunlar va boshqa hujjatlar bilan konfidensial etib belgilangan ma’lumotlar.
5.2. Institut xodimlarining xizmatga oid yozishmalari, telefon so‘zlasuhvlari, pochta jo‘natmalariga doir ma’lumotlar.
RTSIR ITI
2025-yil 06-yanvardagi
1-i/ch-son buyrug‘iga
2-ilova
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida konfidensial axborot bilan ishlash
TALABLARI
1. Institutda konfidensial axborot bilan ishlash talablari Institutda konfidensial axborotni tashkil etuvchi ma’lumotlar ro‘yxati bilan qamrab olingan va barcha erkin foydalanishi uchun ochiqlanmagan ma’lumotlarga nisbatan amal qiladi.
2. Institutda faoliyat olib boruvchi va faoliyat olib borgan barcha xodimlar va Institut huzuridagi oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida tahsil oluvchi va tahsil olgan izlanuvchilar konfidensial axborot bilan ishlash talablarini bajarishga majbur.
3. Konfidensial axborotning muhofazasi konfidensial axborotning chiqib ketishi, o‘g‘irlanishi, yo‘qotilishi, buzilishi, cheklanishi, qalbakilashtirilishi va undan boshqacha tarzda ruxsatsiz foydalanilishining oldini olish, shuningdek konfidensial axborotni yo‘q qilish, nusxalash, buzishga doir ruxsatsiz harakatlarning hamda Institutning axborot resurslari va axborot tizimlariga boshqa shakldagi aralashishlarning oldini olishni o‘z ichiga oladi.
4. Institutning barcha xodimlari va tahsil oluvchilari Institutning konfidensial axborot bilan ishlashda konfidensial axborotning muhofazasini ta’minlashga qaratilgan choralarni ko‘rishi, shu jumladan, konfidensial axborotni muhofaza etish bo‘yicha texnik vositalar, usullar va dasturiy mahsulotlardan foydalanishi, shuningdek, ushbu yo‘nalishda Institut tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarda ishtirok etishi shart.
5. Quyidagilar barcha uchun taqiqlanadi:
- konfidensial axborotni mazkur konfidensial axborot taalluqli bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar roziligisiz yoki boshqa qonuniy asos mavjud bo‘lmagan holda uchinchi shaxslarga oshkor etish yoki tarqatish;
- konfidensial axborotni buzish, qalbakilashtirish, ruxsatsiz yo‘q qilish va undan boshqacha tarzda ruxsatsiz foydalanish;
- Institut kompyuterlari, lokal tarmog‘i va ma’lumotlar bazalariga ruxsatsiz kirish;
- Institut kompyuterlari va lokal tarmog‘idan turib qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlangan axborotni, ko‘ngilochar axborotni yoki zararli dasturlarni tarqatish va ulardan foydalanish;
- Institut kompyuterlari, lokal tarmog’i va ma’lumotlar bazalaridagi axborotning yo‘q qilinishi yoki zararli o‘zgartirilishiga olib keluvchi xatti-harakatlarni amalga oshirish.
6. Institutning barcha xodimlari va tahsil oluvchilari o‘z faoliyatlari doirasida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan konfidensial axborot muhofazasi va u bilan ishlash talablari bajarilishi uchun mas’ul hisoblanadi.
7. Institut direktori o‘rinbosarlari o‘z bo‘ysunuvlaridagi bo‘linmalarda, Institut bo‘linmalari boshliqlari o‘z bo‘linmalarida konfidensial axborot muhofazasi va u bilan ishlash talablari bajarilishi ustidan nazorat olib boradilar.
8. Institutda konfidensial axborotni tashkil etuvchi ma’lumotlar ro‘yxati bilan qamrab olingan ma’lumotlar Institutning maxsus tuzilgan komissiyasi qarori bilan barcha erkin foydalanishi uchun ochiqlanishi mumkin. Bunda qonun hujjatlariga muvofiq himoyalangan ma’lumotlar qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda, Institutning shartnomaviy munosabatlariga muvofiq himoyalangan ma’lumotlar tegishli shartnoma shartlari bilan belgilangan tartibda ochiqlanishi mumkin.
9. Konfidensial axborot bilan ishlash talablarini buzgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar hisoblanadi.