Raqamli texnologiyalar vazirligining
2026-yil 27-martdagi 3/54-son buyrug‘iga
1-ilova
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi
RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR VA SUN’IY INTELLEKTNI RIVOJLANTIRISH ILMIY-TADQIQOT INSTITUTI
ilmiy-tadqiqot muassasasi
USTAVI
Toshkent-2026
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Ustav Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining (keyingi o‘rinlarda - Institut) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Institutning to‘liq nomi:
O‘zbek tili, kirill alifbosida – Ўзбекистон Республикаси Рақамли технологиялар вазирлиги ҳузуридаги “Рақамли технологиялар ва сунъий интеллектни ривожлантириш илмий-тадқиқот институти” илмий-тадқиқот муассасаси.
Qisqartirilgan nomi: РТСИР ИТИ.
O‘zbek tili, lotin alifbosida – O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti” ilmiy-tadqiqot muassasasi.
Qisqartirilgan nomi: RTSIR ITI.
Rus tilida – Научно-исследовательское учреждение «Научно-исследовательский институт развития цифровых технологий и искусственного интеллекта» при Министерстве цифровых технологий Республики Узбекистан.
Qisqartirilgan nomi: НИИ РЦТИИ.
Ingliz tilida – “Digital Technologies and Artificial Intelligence development Research Institute” under the Ministry of Digital Technologies of the Republic of Uzbekistan
Qisqartirilgan nomi: DTAIRI.
3. Institutning yuridik manzili: 100125, Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Bo‘z-2 mavzesi, 17-A uy.
4. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi PQ-4996-son qarori va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 31-iyuldagi 475-son qaroriga muvofiq Raqamli texnologiyalar vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik) Institutning yagona muassisi hisoblanadi.
5. Institut o‘ziga biriktirib qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan Vazirlik tomonidan mulk huquqi berilmagan ilmiy-tadqiqot muassasasi shaklidagi notijorat tashkilot hisoblanadi.
Institut yuridik shaxs maqomiga ega davlat ilmiy tashkiloti bo‘lib, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi Intellektual-dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazining shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
6. Institut o‘ziga berilgan mulkdan va boshqa daromaddan mazkur Ustavda ko‘rsatilgan maqsadlar uchun bevosita Vazirlikning yozma roziligi asosida foydalanadi va tasarruf etadi.
7. Institut davlat muassasasi tashkiliy-huquqiy shakliga ega bo‘lib, o‘zining mol-mulki, mustaqil balansi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi G‘aznachiligida ochilgan shaxsiy g‘azna hisob raqam(lar)iga, banklarda xo‘jalik mablag‘lari harakati uchun hisob raqamlariga, shu jumladan valyuta hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Gerbi tasviri tushirilgan, davlat tilida o‘z nomi yozilgan muhrga, shtamplari, ramz va blanklariga ega bo‘ladi.
8. Institut qonunchilik hujjatlari va Vazirlik hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi va amalga oshirishi, majburiyatlar olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
9. Institut Vazirlik roziligi bilan qonunchilik hujjatlariga muvofiq tijorat va notijorat tashkilotlari, shuningdek, ularda yuridik shaxslarning qatnashishiga yo‘l qo‘yiladigan tijorat va notijorat tashkilotlar qatnashchisi (a’zosi) yoki muassisi (ta’sischisi) bo‘lishi mumkin.
10. Institut o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Vazirlikning (Vazirlik Hay’atining) qarorlari, buyruqlari, farmoyishlari, ko‘rsatmalari, topshiriqlari va boshqa hujjatlari hamda ushbu Ustav talablariga to‘liq rioya etgan holda amalga oshiradi.
2-bob. Ta’sis etish xususiyatlari
11. Institut quyidagi normativ-huquqiy hujjatlarga asosan tashkil etilgan:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2021-yil 17-fevraldagi PQ–4996-son qarori;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2021-yil 31-iyuldagi 475-son qarori.
12. Institut o‘z faoliyatini amalga oshirishda Davlat budjeti manbalari asosida ajratilgan pul mablag‘laridan mazkur Ustavda belgilangan vazifalar va funksiyalar doirasida qat’iy ravishda Vazirlik roziligi asosida foydalanishi mumkin.
Ijtimoiy, ishlab chiqarish, tashkiliy va moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish uchun Institut moliyaviy-xo‘jalik faoliyatidan tushgan daromadlaridan o‘z ixtiyoriga ko‘ra qonunchilik doirasida foydalanadi.
13. Vazirlik tomonidan tasdiqlangan ushbu Ustav Institutning ta’sis hujjati hisoblanadi.
14. Institut Ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ushbu Ustav qay tariqa qabul qilingan bo‘lsa, xuddi shu tartibda Vazirlikning tegishli buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.
3-bob. Institutning maqsadi, vazifalari va funksiyalari
15. Institutning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasida raqamli texnologiyalarni, shu jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal rivojlantirish, joriy etish va keng qo‘llash, ushbu sohada ilmiy faoliyat yuritish, malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, shuningdek, ilmiy faoliyat uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.
16. Institutning asosiy vazifalari:
“Raqamli O‘zbekiston — 2030” Strategiyasi va Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish Strategiyasini har tomonlama amalga oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni tashkil qilish hamda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish;
sun’iy intellekt sohasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni olib borish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning ilmiy ekotizimini shakllantirish;
sun’iy intellekt texnologiyalari asosida boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha innovatsion mahsulotlarni hamda ularning modellari, algoritmlari va dasturiy ta’minotini ishlab chiqish;
sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xorijiy innovatsion va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish;
zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasidagi yutuqlarni, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish orqali jamiyatning barcha yo‘nalish va sohalarida shaffoflikni oshirish hamda natijadorlilik tizimini yo‘lga qo‘yish;
respublikada sun’iy intellekt sohasida yuqori texnologiyalarga asoslangan import o‘rnini bosuvchi dasturiy va apparat-dasturiy vositalarni yaratish, eksportbop dasturiy mahsulot va xizmatlar ishlab chiqish;
katta ma’lumotlarni (Big Data) intellektual tahlil qilish (Data Analysis), bilimlar to‘plamini yig‘ish, saqlash va amaliyotda qo‘llash hamda murakkab muhandislik yechimlarini bashoratli modellashtirish uchun yangi usul, algoritm va dasturiy ta’minot yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
texnoparklar, biznes inkubatorlar va kovorking markazlari faoliyatini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish orqali zamonaviy raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan dasturiy mahsulot va xizmatlarni mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish;
Institut laboratoriyalari belgilangan yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirib borish;
17. Institut o‘ziga berilgan vazifalar bo‘yicha quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) “Raqamli O‘zbekiston — 2030” Strategiyasi va Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish Strategiyasini har tomonlama amalga oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni tashkil qilish hamda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish sohasida:
sun’iy intellekt sohasidagi startap loyihalarni qo‘shma moliyalashtirish (kraudfanding) mexanizmlarini joriy etish;
iqtisodiyot tarmoqlarida virtual va to‘ldirilgan reallik, sun’iy intellekt, kriptografiya, mashinaviy o‘qitish, katta ma’lumotlarni tahlil qilish hamda “bulutli” hisoblash texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganish va ularni amaliyotga tatbiq etish;
ish joylarini bosqichma-bosqich avtomatlashtirish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini robotlashtirish, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish;
raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida ilmiy maktablarni yanada rivojlantirish, yosh olimlar va ilmiy pedagog xodimlar mehnatini rag‘batlantirish, ularning ilmiy-taqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini tijoratlashtirishni tashkil qilish;
iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish, ulardan foydalanish bo‘yicha malaka oshirish va o‘quv kurslarini tashkil qilish;
b) sun’iy intellekt sohasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni olib borish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning ilmiy ekotizimini shakllantirish sohasida:
belgilangan tartibda tasdiqlangan rejalar asosida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida, shu jumladan, tabiiy tilni qayta ishlash, kuchli sun’iy intellekt, bulutli hisoblash va xizmatlar, buyumlar interneti, robototexnika, virtual va kengaytirilgan reallik yo‘nalishlarida fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish;
raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini jamiyat sohalari hamda iqtisodiyot tarmoqlari real talabi asosida olib boruvchi ilmiy maktablarni shakllantirish;
davlat ilmiy dasturlari va xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish;
oliy o‘quv yurtlari talabalari, mutaxassislari va yosh ilmiy xodimlarni ilmiy-tadqiqot loyihalariga keng jalb etish;
oliy o‘quv yurtlarida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasiga oid ilmiy laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatish;
sohaga tegishli ixtisosliklar bo‘yicha tadqiqotchilarni maqsadli tayyorlash, oliy ta’limdan keyingi ta’limni (falsafa doktori va fan doktori) samarali va sifatli yo‘lga qo‘yishni hisobga olgan holda stajirovka, stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
har tomonlama tahliliy va amaliy tadqiqotlar asosida raqamlashtirish jarayonlarini ishlab chiqish va iqtisodiyot tarmoqlariga ta’sirini baholash va mamlakat iqtisodiyotining raqamli transformatsiyasini amalga oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
d) sun’iy intellekt texnologiyalari asosida boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha innovatsion mahsulotlarni hamda ularning modellari, algoritmlari va dasturiy ta’minotini ishlab chiqish sohasida:
iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari va sohalari buyurtmalari asosida boshqaruv, ishlab chiqarish, biznes va boshqa yo‘nalishdagi jarayonlarni avtomatlashtirishni tizimli ilmiy tahlil qilish, ularning modellari, algoritmlari va dasturiy ta’minotini ishlab chiqish, joriy etish va takomillashtirish;
ishlab chiqilgan modellar, algoritmlar va dasturiy ta’minotni amaliyotga joriy etish yuzasidan tavsiyalar taqdim etish;
e) sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xorijiy innovatsion va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish sohasida:
ilmiy va texnik mutaxassislarni tayyorlashda xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, mutaxassislar malakasini oshirish, hamkorlikda ilmiy-texnik tadqiqotlar olib borish;
raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha malaka oshirish va o‘quv kurslarini tashkil qilish;
Institut vakolatiga kiradigan yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni tashkil qilish.
f) zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasidagi yutuqlarni, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish orqali jamiyatning barcha yo‘nalish va sohalarida shaffoflikni oshirish hamda natijadorlilik tizimini yo‘lga qo‘yish sohasida:
raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida fan-texnika taraqqiyotining jahon va mahalliy darajadagi yutuqlarini targ‘ib qilish, amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, fundamental va amaliy tadqiqotlar natijalarini keng yoritish;
davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarda boshqaruv qarorlarini qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash tizimlarini, jumladan, real vaqt rejimida biznes-tahlil tizimlarini joriy qilish hamda takomillashtirish;
davlat boshqaruv organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar ta’minotining barcha bosqichlarini avtomatlashtirish va boshqarishni ta’minlash, zamonaviy sun’iy intellekt tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish hisobiga mahsulotlar va xizmatlar sifatini yaxshilash, ularning tannarxini kamaytirish, moliyaviy-iqtisodiy faoliyatning shaffofligini oshirish;
sanoat korxonalarida joriy etilayotgan ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish axborot tizimlarini hamda dasturiy va apparat-dasturiy mahsulotlarni davlat-xususiy sherikligi asosida amaliyotga keng joriy etish.
g) respublikada sun’iy intellekt sohasida yuqori texnologiyalarga asoslangan import o‘rnini bosuvchi dasturiy va apparat-dasturiy vositalarni yaratish, eksportbop dasturiy mahsulot va xizmatlar ishlab chiqish sohasida:
respublikada yuqori texnologiyalarga asoslangan import o‘rnini bosuvchi texnik, dasturiy va apparat-dasturiy vositalarni yaratish, eksportbop mahsulot va xizmatlar ishlab chiqish yuzasidan fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini tijoratlashtirish, ular haqidagi ilmiy-texnikaviy axborot va hisobotlarni tegishli tashkilotlarga taqdim etish va ma’lumotlardan o‘z vaqtida keng foydalanish imkoniyatini ta’minlash;
xo‘jalik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlarni internet tarmog‘i orqali sotish bozorlarini kengaytirish maqsadida elektron savdo platformalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq qilish;
h) katta ma’lumotlarni (Big Data) intellektual tahlil qilish (Data Analysis), bilimlar to‘plamini yig‘ish, saqlash va amaliyotda qo‘llash hamda murakkab muhandislik yechimlarini bashoratli modellashtirish uchun yangi usul, algoritm va dasturiy ta’minot yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish sohasida:
raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida fan-texnika taraqqiyoti yutuqlarini joriy qilishning jahon tajribasini o‘rganish va tatbiq qilish;
yangi qidiruv tizimlarini yaratish yo‘nalishini ishlab chiqish, shu jumladan, audio va videomateriallarni aniqlash va izlash uchun yechimlar, axborotni qidirish va olishda semantik tahlildan foydalanish, Kompyuterli ko‘rish (Computer Vision), Mashinaviy o‘qitish (Machine Learning), shuningdek, Chuqur o‘rganish (Deep Learning), Katta til modellari (Large language model) yangi algoritmlari va texnologiyalarini rivojlantirish;
ilg‘or raqamli texnologiyalardan (tabiiy tilni qayta ishlash, kuchli sun’iy intellekt, bulutli hisoblash va xizmatlar, buyumlar interneti, robototexnika, virtual va kengaytirilgan reallik va boshqalar) foydalangan holda ustuvor tarmoqlar uchun muhandislik yechimlarini ishlab chiqish;
i) texnoparklar, biznes inkubatorlar va kovorking markazlari faoliyatini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish orqali zamonaviy raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan dasturiy mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish sohasida:
respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy soha haqiqiy ehtiyojlarini marketing tadqiqotlari orqali o‘rganish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh, sifatli mahalliy dasturiy mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqish;
loyiha boshqaruviga o‘qitishni joriy etish, shuningdek, startap-loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi inkubatsiya va akseleratsiya markazlari faoliyatini tashkil etish orqali raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida mahsulot va xizmatlar hajmini oshirish.
j) bunda institutning ilmiy laboratoriyalari quyidagi vazifa va funksiyalarga ega:
“Biometrik tizimlar” laboratoriyasi institutning tegishli sohaga doir, shu jumladan, biometrik maʼlumotlar va ularga ishlov berish, biometrik identifikatsiya va autentifikatsiya tizimlariga doir tadqiqotlarni olib borish, sohaga aloqador ishlarni bajarishda qatnashish, sohaga oid fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, shu jumladan, maqolalar chop etish, mahalliy va xorijiy ilmiy seminar va anjumanlarda qatnashish, davlat ilmiy-texnik grantlari va xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ish rejasini tuzish va hisobot berish;
“Timsollarni tanib olish” laboratoriyasi institutning sohaga, shu jumladan, timsollarni tanib olishning nazariy asoslari, algoritmlari va uslublari, chekli xususiyatlar asosida obyektlar, signallar, holatlar, hodisalar, jarayonlarni tasniflash va identifikatsiyalashga doir tadqiqotlarni olib borish, sohaga aloqador ishlarni bajarishda qatnashish, sohaga oid fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, shu jumladan, maqolalar chop etish, mahalliy va xorijiy ilmiy seminar va anjumanlarda qatnashish, davlat ilmiy-texnik grantlari va xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ish rejasini tuzish va hisobot berish;
“Tabiiy tilni qayta ishlash” laboratoriyasi institutning tegishli sohaga doir, shu jumladan, matnning sonli, tonal va semantik tahlili hamda generatsiyasi, axborotni olish, nutq tahlili va sintezi, mashinaviy tarjima, muloqot interfeyslarini yaratishga doir ishlarni bajarish, sohaga aloqador ishlarni bajarishda qatnashish, sohaga oid fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, shu jumladan, maqolalar chop etish, mahalliy va xorijiy ilmiy seminar va anjumanlarda qatnashish, davlat ilmiy-texnik grantlari va xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ish rejasini tuzish va hisobot berish;
“Sun’iy intellekt va mashinaviy o‘qitish” laboratoriyasi institutning tegishli sohaga doir, shu jumladan, sun’iy intellekt sohasida mashinaviy o‘qitish, kompyuterli ko‘rish, ma’lumotlarning intellektual tahlili va bilimlarni ajratib olishga doir tadqiqotlarni olib borish, sohaga aloqador ishlarni bajarishda qatnashish, sohaga oid fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, shu jumladan, maqolalar chop etish, mahalliy va xorijiy ilmiy seminar va anjumanlarda qatnashish, davlat ilmiy-texnik grantlari va xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ish rejasini tuzish va hisobot berish;
“Murakkab tizimlarni modellashtirish” laboratoriyasi institutning tegishli sohaga doir, shu jumladan, massa uzatish jarayonlarini tahlil qilish, monitoringini olib borish va bashorat qilish uchun matematik modellar, hisoblash algoritmlari va dasturiy vositalarni ishlab chiqishga doir ishlarni bajarish, sohaga aloqador ishlarni bajarishda qatnashish, sohaga oid fundamental va amaliy ilmiy tadqiqot olib borish, shu jumladan, maqolalar chop etish, mahalliy va xorijiy ilmiy seminar va anjumanlarda qatnashish, davlat ilmiy-texnik grantlari va xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ish rejasini tuzish va hisobot berish;
“Аqlli tizimlar va buyumlar interneti” laboratoriyasi institutning tegishli sohaga doir, shu jumladan, inson aralashuvisiz tashqi muhit bilan va oʼzaro maʼlumot almashadigan obyektlar tizimlari, aqlli shahar konsepsiyasiga doir tadqiqotlar olib borish, aqlli uy va qurilmalarga dasturiy mahsulot ishlab chiqish, sohaga aloqador ishlarni bajarishda qatnashish, sohaga oid fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, shu jumladan, maqolalar chop etish, mahalliy va xorijiy ilmiy seminar va anjumanlarda qatnashish, davlat ilmiy-texnik grantlari va xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ish rejasini tuzish va hisobot berish;
“Texnik tizimlarni boshqarish va raqamli loyihalash” laboratoriyasi institutning tegishli sohaga doir, shu jumladan, texnik va texnologik tizimlarni raqamli modellashtirish va raqamli loyihalashga doir tadqiqotlar olib borish, optimal boshqarish va qaror qabul qilishning dasturiy-algoritmik va apparat-dasturiy majmualarini ishlab chiqish, tajriba-konstruktorlik, eksperimental va sinov ishlarini bajarish, sohaga aloqador ishlarni bajarishda qatnashish, sohaga oid fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, shu jumladan, maqolalar chop etish, mahalliy va xorijiy ilmiy seminar va anjumanlarda qatnashish, davlat ilmiy-texnik grantlari va xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ish rejasini tuzish va hisobot berish.
4-bob. Institut huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
18. Institut quyidagi huquqlarga ega:
vakolatiga kiradigan masalalar hamda unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan qarorlar, buyruqlar, ko‘rsatmalar qabul qilish, zarur bo‘lganda, boshqa davlat tashkilotlari bilan birgalikda tegishli qarorlar qabul qilish;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda vakolatiga kiradigan masalalarda davlat organlari va tegishli tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
qonunchilikda belgilangan tartibda budjetdan tashqari jamg‘armalarga ega bo‘lish;
o‘z vakolati doirasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda manfaatdor shaxslardan zarur axborot va hujjatlarni so‘rab olish;
o‘z faoliyati yo‘nalishlari doirasida shartnoma asosida ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish orqali daromad keltiradigan faoliyat bilan shug‘ullanish;
o‘z faoliyati natijasida olingan daromad va ushbu daromad hisobidan xarid qilingan mol-mulkdan o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanish va uni Vazirlik roziligi bilan belgilangan tartibda tasarruf etish;
qonunchilikda belgilangan tartibda ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlari va boshqa tashkilotlarni, shuningdek noyob ilmiy obyektlarni tashkil etish;
belgilangan tartibda shartnomalar va kelishuvlar tuzish;
raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida o‘zi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini bozor kon’yunkturasini e’tiborga olgan holda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda belgilash;
Vazirlik roziligi bilan bank kreditlarini olish va ulardan maqsadli foydalanish;
vakolatiga kiradigan masalalarda belgilangan tartibda sudlarga arizalar va da’volar kiritish;
mulkiy-nomulkiy nizolar, shuningdek xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan tuzilgan xo‘jalik shartnomalari (kontrakt) bo‘yicha taraflardan birining shartnomaviy majburiyatlarini bajarmasligi oqibatida yuzaga kelgan nizolar sudlarda ko‘rilayotganda da’vogar yoki javobgar sifatida o‘z vakilini jalb qilish va qo‘zg‘atilgan da’voni ta’minlash choralarini ko‘rish;
Vazirlik bilan kelishilgan holda ma’nan va jismonan eskirgan va foydalanilmaydigan, keyinchalik foydalanish yoki sotishga yaroqsiz holga kelgan asosiy vositalar, jihozlar va asbob-uskunalar, transport vositalari, debitorlik va boshqa qarzlar, mulkiy kamomad, shuningdek kamomad bo‘yicha qarzlarni belgilangan tartibda hisobdan chiqarish, sotish va boshqa tashkilotlarga balansdan balansga berish;
belgilangan tartibda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlarida ishtirok etish;
ilmiy tashkilot sifatida davlat buyurtmalari va dasturlarini amalga oshirishda hamda fundamental va amaliy tadqiqotlarni olib borishda ishtirok etish;
tegishli ixtisosliklar bo‘yicha tadqiqotchilarni maqsadli tayyorlashni hisobga olgan holda stajirovka, tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
Institutning tahririy-nashriyot faoliyati, patent-litsenziya ishlari rejalarini tuzish va ularning bajarilishini ta’minlash;
raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida xalqaro va respublika miqyosida ilmiy va ilmiy-texnikaviy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar o‘tkazish va ishtirok etish;
dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha ilmiy kengashlar tuzish va ularning ish faoliyatini ta’minlash, zarur hollarda ilmiy kengashlar uchun xarajatlar smetasini tuzish va Institutning yillik xarajatlar smetasiga kiritish;
oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va talabalarini belgilangan tartibda ilmiy-tadqiqot loyihalariga va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish jarayoniga jalb qilish;
O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari asosida Institut xodimlari bilan ular tomonidan yaratilgan intellektual mulkdan foydalanish huquqini beruvchi shartnomalar tuzish;
sohadagi korxonalar, tashkilotlar, muassasalardan ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlari mavzularini olib, o‘rganib, ularni ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari rejasiga kiritish;
Vazirlik bilan kelishilgan holda ish haqi fondi doirasida tarkibni va shtat jadvalini belgilash;
Vazirlik bilan kelishilgan holda tasdiqlangan mukofotlash va qo‘shimcha haq to‘lash to‘g‘risidagi nizomlarga muvofiq xodimlarni mukofotlash va lavozim maoshlariga qo‘shimcha ustama haq to‘lash;
Vazirlik bilan kelishilgan holda xalqaro va xorijiy ilmiy hamda texnologiya tuzilmalariga a’zo bo‘lish, xalqaro ilmiy dasturlar va loyihalarda qatnashish, cheklovlar bo‘lmagan hollarda, O‘zbekiston Respublikasi hududida hamda uning tashqarisida xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar bilan bitimlar tuzish;
Vazirlik bilan kelishilgan holda qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat va nodavlat tashkilotlari hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
tegishli davlat organlari, chet el va xalqaro tashkilotlar grantlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va boshqa ishlarni olib borish;
raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
xodimlarni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha choralar ko‘rish;
amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlar.
19. Institut quyidagi majburiyatlarni bajarishi shart:
Vazirlik va boshqa tashkilot, korxona, muassasa hamda o‘zga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan faqatgina mazkur Ustavda ko‘rsatilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun Institut balansiga o‘tkazilgan yoki biriktirilgan va Institut tomonidan qabul qilingan aylanma va asosiy vositalardan, boshqa mol-mulkdan amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan va Vazirlik (Vazirlik Hay’ati) hujjatlarida ko‘rsatilgan tartibda foydalanilishi va saqlanishini ta’minlash;
moliyaviy-xo‘jalik faoliyati yakunlari (chorak, yarim yillik, 9 oylik, yillik) bo‘yicha tegishli davlat boshqaruv organlariga va Vazirlikka davriy hisobotlar (balanslar) topshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va boshqa me’yoriy hujjatlar asosida budjetga, budjetdan tashqari jamg‘armalarga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlarni belgilangan tartibda va muddatlarda to‘lash;
moliyaviy-xo‘jalik faoliyatidagi hisob-kitob ishlarini O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa qonunosti me’yoriy hujjatlar asosida olib borish, muddati o‘tgan kreditor va debitor qarzdorliklarni qonunchilikda belgilangan tartibda bartaraf etish choralarini amalga oshirish;
to‘lov muddati o‘tgan debitor qarzlarni kreditorlarga nisbatan tegishli sud orqali da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan majburiy undirish choralarini ko‘rish;
Vazirlik, Vazirlikdagi Institut faoliyati uchun mas’ul etib belgilangan bo‘linma rahbari va Vazirlik Hay’ati tomonidan berilgan ko‘rsatma va topshiriqlarni ularda nazarda tutilgan tartibda so‘zsiz, o‘z vaqtida sifatli ijro qilish;
o‘ziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni o‘z vaqtida, sifatli va samarali bajarish;
o‘zi qabul qilgan qarorlar hamda buyruqlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarish;
faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan dasturlar, chora-tadbirlar rejasi, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar ijrosini samarali tashkil etishi va bajarishi;
o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalar doirasida fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Vazirlikning raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt masalalariga bag‘ishlangan barcha yig‘ilish va majlislarida ishtirok etish;
Vazirlik bilan kelishilgan holda Institut shtat jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash;
shartnoma va bitimlar bo‘yicha olgan majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish;
maxfiylik shartlari va tijorat sirlarining saqlanishini ta’minlash.
Institutga amaldagi qonunchilik hujjatlari va Vazirlik hujjatlari bilan belgilanadigan boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
20. Institut o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli mulk va ixtiyoridagi mablag‘lar bilan javob beradi, bundan muassasa rahbari aybi bilan muassasa yoki o‘zga shaxsga zarar yetkazilgan holatlar mustasno.
21. Vazirlik Institutning, Institut Vazirlikning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
5-bob. Institut faoliyatini boshqarish
22. Institutni boshqarish direktor tomonidan amalga oshiriladi.
23. Institut direktori va uning o‘rinbosarlari Vazirning buyrug‘i bilan amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Bunda, Institut direktorining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
24. Institut direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Vazir tomonidan imzolanadi, Institut direktori o‘rinbosarlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Institut direktori tomonidan imzolanadi.
25. Institut direktori O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlari va ushbu Ustavga muvofiq:
Institut va uning tarkibiy bo‘linmalariga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, har bir tarkibiy bo‘linma nizomlarini tasdiqlaydi;
Institut tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi;
Institut shtat jadvallari va xarajatlar smetalarini kelishish va o‘rnatilgan tartibda moliya organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Vazirlikka kiritadi;
Institut xodimlarining malakasini oshirish chora-tadbirlarini ko‘radi;
Institut xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan hujjatlar (buyruqlar, farmoyishlar, nizomlar, yo‘riqnomalar va boshqalar) qabul qiladi hamda yozma va og‘zaki topshiriqlar beradi hamda mazkur hujjatlarga rioya qilinishini nazorat qiladi;
Institutning asosiy faoliyatini takomillashtirish, boshqaruvning yangi metodlarini joriy qilishga yo‘naltirilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnomalar beradi;
Institutning ichki mehnat tartibi va faoliyatini tartibga soluvchi boshqa hujjatlarni tasdiqlaydi;
Institut tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishini tashkil etish va nazorat qilishni ta’minlaydi;
xo‘jalik shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi;
davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, sudlar, tashkilotlar, muassasalar, korxonalar, jamoat birlashmalari bilan o‘zaro ishlashda ishonchnomasiz Institut vakili hisoblanadi;
Institutga yuklatilgan maqsad va vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
26. Institut Vazirlik oldida hisobdor hisoblanadi.
27. Institut direktori uning oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagilarni shaxsan amalga oshirishga majbur:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Vazirlik Hay’ati qarorlari, buyruqlari, farmoyishlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan Institutga yuklangan vazifa va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
Institutning ish faoliyatini, Institut oldiga qo‘yilgan vazifalarning bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish;
davlat siriga oid ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish;
o‘z faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlari, davriy ish rejalari va faoliyati samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari hamda mezonlariga so‘zsiz erishilishini ta’minlash;
faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan dasturlar, chora-tadbirlar rejasi, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarni samarali amalga oshirish;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
Institut mehnat jamoasiga shaxsan rahbarlik qilish;
ishlab chiqarish, ijtimoiy, tashkiliy va moliyaviy xo‘jalik faoliyatini boshqarishda qonunchilikka rioya qilinishini, shuningdek, mehnat, xo‘jalik, shartnomaviy va moliyaviy intizomga rioya qilish va xodimlari tomonidan mazkur talablarga rioya qilinishini nazorat qilish;
tarkibiy tuzilmalarda ishlab chiqarish faoliyatini tashkillashtirish;
ishlar ko‘lamini, xizmatlar ko‘rsatish xajmlarini rejalashtirish va bajarilishini nazorat qilish;
bank muassasalari va kredit tashkilotlarida Institutning joriy hisob raqamini, valyuta hisob raqamini, boshqa maxsus hisob raqamlarini qonun hujjatlari va ushbu Ustavda nazarda tutilgan tartibda ochish va yopish;
moliya, bank, kredit va boshqa to‘lov hujjatlariga shaxsan imzo qo‘yish;
shartnomaviy majburiyatlarini bajarish maqsadida banklar orqali moliya, kredit, valyuta operatsiyalarini amalga oshirish va ushbu jarayonlarda shaxsan qatnashish;
mablag‘larni va kreditlarni Vazirlik bilan kelishilgan holda tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq tasarruf qilish;
Institutning ijtimoiy, ishlab chiqarish, tashkiliy va moliyaviy hamda o‘zga faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha shaxsan javob berish;
o‘z vakolati doirasida Institutga tegishli mulk yuzasidan xodimlar bilan moddiy javobgarlik haqidagi shartnomalarni shaxsan tuzish va ularning bajarilishini ta’minlash;
Institut balansiga o‘tkazilayotgan yoki biriktirilayotgan mulkni, shu jumladan, ishlar va xizmatlarni, ko‘char va ko‘chmas mulkni qabul qilish;
Institutda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish yuzasidan kadrlar siyosatini amalga oshirish va ushbu jarayonlarni shaxsan nazorat qilish;
Institut xodimlarini qonunchilikda nazarda tutilgan tartib va muddatda suhbat hamda shaxodat sinovidan o‘tkazishni tashkil qilish;
xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni takomillashtirish, Institut tarkibiy tuzilmalarini malakali va yetuk mutaxassislar bilan ta’minlashning zaruriy chora-tadbirlarini belgilash;
Vazirlik, Vazirlik Hay’ati, Vazirlik rahbariyati va Markaziy apparatining hujjatlari (buyruq, qaror, farmoyish, bayon va hk.), ko‘rsatma va topshiriqlarini ularda ko‘rsatilgan holatda sifatli o‘z vaqtida bajarilishini so‘zsiz shaxsan ta’minlash;
Vazirlik Hay’atining barcha yig‘ilishlarida (majlis, seminar, davra suhbati va hk.) shaxsan qatnashish;
Institut faoliyatiga zarar keltiruvchi o‘zining har bir g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari va xarakatsizligi xususida shaxsan Vazirlikka (Vazirlik rahbariyati, Hay’ati, Markaziy apparati tarkibiy tuzilmasi) yozma xabar berish;
Vazirlik, Vazirlik Hay’ati, Vazirlik rahbariyati va Vazirlikdagi Institut faoliyati uchun mas’ul etib belgilangan bo‘linma tomonidan so‘ralgan axborot, ma’lumot va hujjatlarni o‘z vaqtida sifatli tarzda Vazirlikka taqdim etish.
28. Institut direktorining ushbu Ustavda ko‘rsatilmagan o‘zga majburiyatlari Vazirlik va Institutning o‘zga hujjatlarida (ichki mehnat tartibi qoidalari, mehnat shartnomasi, kelishuvlar, shartnomalar, bitimlar, odob-axloq qoidalari, jamoa shartnomasi, jamoa kelishuvi, buyruq, farmoyish, bayon va h.k.) belgilab qo‘yilishi mumkin va bunda ham Institut direktori mazkur hujjatlarga shaxsan so‘zsiz rioya qilishi va ularning talablarini to‘liq va sifatli amalga oshirishga majburdir.
29. Institut direktorining javobgarligi:
Institut direktori o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi, Institut manfaatlarini ko‘zlab harakat qilishi hamda budjetga va budjetdan tashqari fondlarga to‘lovlarning, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi, ularga tenglashtirilgan to‘lovlardan kelib chiqadigan barcha talablarning qondirilishi, Institut faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ehtiyojlar uchun pul mablag‘larining o‘tkazilmaganligi, o‘zining harakati (harakatsizligi) tufayli, shu jumladan, Institutga berilgan davlat mulki yo‘qolgan taqdirda, Institutga yetkazilgan zararlar hamda mehnat huquqlari va munosabatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilmanganligi uchun qonun hujjatlari va Vazirlik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
30. Institut direktorining huquqlari:
Institut faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish;
Institut xodimlari bajarishi shart bo‘lgan buyruqlarni qabul qilish hamda ko‘rsatmalar berish;
ishonchnomasiz Institut nomidan harakat qilish, uning manfaatlarini respublika va xorijiy davlat organlarida, korxona, firmalar va tashkilotlarda namoyon qilish, shartnomalar tuzish;
amaldagi Institut tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha Vazirlikka takliflar kiritish;
amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq xodimlarni ishga qabul qilish, ular bilan mehnat shartnomalarini (kontraktlar) tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish, ularni vaqtinchalik ijodiy jamoalarda ishlash uchun safarbar qilish;
Institutdagi bo‘sh ish o‘rinlarini egallashga belgilangan tartibda tanlovlar o‘tkazish, Ilmiy kengash tomonidan o‘tkazilgan tanlov natijalari asosida qaror qabul qilish, Institut xodimlarini lavozimga tayinlash;
izlanuvchilar va stajyor-tadqiqotchilarni davriy shahodatlash bayonnomalarini tasdiqlash;
belgilangan tartibda xodimlarga intizomiy jazo choralarini qo‘llash;
Ilmiy kengash tarkibini tasdiqlash;
zarur hollarda Institut ilmiy kengashiga raislik qilish;
tahrir kengashi va ekspert komissiyasi orqali Institutning ilmiy ishlarini nashr etishga tavsiya berish hamda titul varag‘ida Institut nomini ko‘rsatish bilan rejadan tashqari ishlarni chop etishga ruxsat berish;
Institut ilmiy-tadqiqot ishlarining mavzu rejasiga asosan bo‘linmalar va tadqiqot guruhlarining ilmiy-tadqiqot rejalarini tasdiqlash;
rahbar organlar, davlat muassasalari hamda jamoa tashkilotlarida Institutning vakili bo‘lish, olib borilayotgan tadqiqot ishlariga mablag‘ undirish va moddiy-texnik ta’minlash masalalarining muhokamasida qatnashish;
Institut nomidan sud organlari, bank va boshqa muassasalarda ish ko‘rish, shuningdek, alohida shaxslarga xo‘jalik, moliyaviy va ma’muriy masalalarni hal etishni topshirish;
Vazirlik bilan kelishilgan holda o‘z vakolatlari doirasida Institutning pul mablag‘lari va boshqa moddiy qimmatliklarni tasarruf qilish;
Institut faoliyat yo‘nalishlariga muvofiq ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarishga amaldagi qonunchilikka asosan shartnomalar tuzish va bekor qilish;
Institut xodimlariga va mutaxassislariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnomalar berish;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlar.
Institut direktori ushbu Ustavda belgilangan barcha huquqlardan ishonchnoma olmasdan foydalanadi.
31. Institut direktorining majburiyatlari:
Institutning joriy va istiqbolli ilmiy-tadqiqot, eksperimental, tajriba-konstruktorlik va boshqa ish rejalarini tasdiqlaydi, kadrlar tayyorlash bo‘yicha ishlarni boshqaradi;
resurslarni ishlar yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimlagan holda, mablag‘ bilan hamda moddiy-texnik ta’minlashni boshqaradi;
Vazirlik bilan kelishilgan holda Institutning yillik ish rejasini tasdiqlaydi;
tarif stavkalariga qo‘shimchalar va ustama haqlarini Vazirlik bilan kelishilgan nizomlarga asosan tayinlaydi;
ilmiy-tadqiqot ishlari va boshqa topshiriqlar bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etadi, bo‘linma va tadqiqot guruhlari hamda alohida xodimlar ishlarining borishi bo‘yicha hisobotini eshitadi;
xodimlarning ichki tartib-qoidalarga rioya qilishini muntazam nazorat qiladi;
Institutning boshqa tashkilot va muassasalar bilan birgalikdagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
har yili Institut Ilmiy kengashiga Institut faoliyati natijalari haqida axborot beradi;
asosiy fond va boshqa mavjud mulkning saqlanishini ta’minlaydi;
Institutni moddiy-texnik ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritadi;
Vazirlik bilan kelishilgan holda Institutning xalqaro munosabatlar bo‘yicha faoliyatiga rahbarlik qiladi;
sud organlari, arbitraj, bank va boshqa tashkilotlarda o‘zi yoki vakillari orqali Institut nomidan ishtirok etadi, shuningdek ayrim shaxslarga ma’muriy, moliyaviy, xo‘jalik muammolarini hal qilishni topshiradi, Institut ishi ko‘rilayotganda sud va arbitrajda o‘zi yoki vakillari orqali Institut nomidan ishtirok etadi;
moddiy-texnika ta’minoti, kapital qurilish, joriy (kapital) ta’mirlash bo‘yicha amaldagi qonunlar asosida lozim bo‘lgan choralarni ko‘radi.
6-bob. Institut tarkibiy bo‘linmalari boshliqlarining vazifalari
32. Institut tarkibiy bo‘linmalari boshliqlari quyidagi vazifalarini amalga oshiradi:
o‘z bo‘linmasining ish rejasini belgilangan tartibda tuzish va Institut rahbariyatiga tasdiqlashga kiritish;
xodimlarning vazifalarini taqsimlash, ularni umumlashtirish va bajarilgan ishlar yuzasidan hisobot topshirish;
o‘z bo‘linmasi doirasida ilmiy seminar ishlarini tashkil qilish;
tegishli ilmiy yo‘nalishda xorijiy mamlakatlardagi tadqiqotlar rivojlanishining holatini o‘rganish, tegishli tadqiqot sohasi yuzasidan xalqaro ilmiy hamkorlik haqida takliflar ishlab chiqish va xalqaro hamkorlik rejalarining bajarilishini ta’minlash.
Institut tarkibiy bo‘linmalari boshliqlari o‘z bo‘linmasining barcha faoliyatiga, uning ishini tashkil qilish va ish rejalarining bajarilishi, kadrlarni tanlash, tayyorlash va joy-joyiga qo‘yish, mehnat intizomi, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilinishiga javobgardir.
7-bob. Institut tuzilmasi
33. Institut tuzilmasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2021-yil 31-iyuldagi 475-son qarori asosida tasdiqlanadi.
34. Institut direktori, uning o‘rinbosarlari hamda barcha tarkibiy bo‘linmalar amaldagi qonun hujjatlari, Vazirlik (Hay’at)ining qarorlari, buyruqlari, farmoyishlari, ko‘rsatma, topshiriqlari va boshqa hujjatlari, ushbu Ustav va Institut direktori tomonidan tasdiqlanadigan Institutning ichki hujjatlariga muvofiq faoliyat olib boradi.
35. Institut direktori Institut direktori o‘rinbosarlari va boshqa xodimlarning vazifa va funksiyalarini belgilaydi.
36. Boshqa tashkilot va muassasalarning olim va mutaxassislarini jalb qilgan holda, Institutda alohida loyiha va buyurtmalarni qonunchilik talablaridan kelib chiqib shartnoma asosida bajarish uchun vaqtinchalik ijodiy jamoalar tashkil qilinishi mumkin.
37. Vazirlik (muassis) quyidagi huquqlarga ega:
Institut Ustavini tasdiqlash, shuningdek, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;
Institut, uning direktori va xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan topshiriq hamda ko‘rsatmalar berish va uning ijrosini talab qilish;
Institutning ortiqcha, foydalanilmayotgan yoki belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan mulkini olib qo‘yish va tasarruf etish;
Institut mulki bilan amalga oshirilgan shartnoma va bitimlarni haqiqiy emas deb e’tirof etish to‘g‘risida sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilish;
Institutga yetkazilgan zararlarni qoplash to‘g‘risida da’vo taqdim etish;
mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Institut direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish;
Institut shtat jadvali, xarajatlar hamda boshqa smetalarni kelishish;
har chorakda Institut faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitish;
tasdiqlangan smeta doirasida Davlat budjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan ajratiladigan beg‘araz texnik yordam ko‘rsatish (grantlar)dan, shuningdek, kelib tushadigan mablag‘lardan maqsadli foydalanishni nazorat qilish.
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va vazirlik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi mumkin.
8-bob. Institut Ilmiy kengashi
38. Institut Ilmiy kengashi Institutning ilmiy va ilmiy-tashkiliy faoliyati sohasidagi oliy boshqaruv organi hisoblanadi.
39. Ilmiy kengash o‘z faoliyatini tasdiqlangan yillik ish rejasi asosida amalga oshiradi.
Ilmiy kengashning yillik ish rejasi Ilmiy kengash tomonidan ma’qullanadi va Institut direktori tomonidan tasdiqlanadi.
40. Ilmiy kengashga Institut direktorining ilm-fan bo‘yicha maslahatchisi raislik qiladi.
Ilmiy kengash tarkibiga Institut direktori, direktorning ilm-fan bo‘yicha maslahatchisi, direktor o‘rinbosarlari, Institut ilmiy kotibi va laboratoriya mudirlari hamda kasaba uyushmasi raisi kiradi.
Ilmiy kengash tarkibiga Institut xodimlari hamda boshqa tashkilotlarda ishlaydigan yetakchi olim va mutaxassislar ham taklif qilinishi mumkin.
Ilmiy kengash tarkibi Ilmiy kengash tomonidan ma’qullanadi va Institut direktori tomonidan tasdiqlanadi.
41. Ilmiy kengash:
Ilmiy-tadqiqot ishlarining yillik rejalarini, dasturlar loyihalarini, grantlarni, ilmiy kadrlar tayyorlash, yig‘ilish va konferensiyalar o‘tkazish rejalarini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;
Institut laboratoriyalarining istiqbolli va yillik mavzuli tadqiqot rejalarini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;
Institut laboratoriyalarining istiqbolli va yillik mavzuli tadqiqot rejalariga muvofiq bajarilgan ishlar to‘g‘risida ilmiy hisobotlarni ko‘rib chiqadi va qabul qiladi;
Institut barcha bo‘linmalarining faoliyati natijalariga ko‘ra hisobotlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;
Institut laboratoriyalaridagi o‘zgarishlarga oid masalalarni muhokama qiladi;
eng muhim ilmiy muammolarni aniqlaydi, ilmiy ma’ruzalarni tinglaydi va Institutdagi eng muhim ilmiy ishlar natijalariga baho beradi;
Institutning nashrga tayyorgarlik rejalarini ko‘rib chiqadi va ilmiy ishlar to‘plami, xodimlar ilmiy ishlarini nashrga tavsiya etadi;
Institut xodimlari ish rejalari bajarilishiga oid masalalarni boshqa ilmiy tashkilotlar bilan, shuningdek, xalqaro va chet el hamkorlari bilan muvofiqlashtirishni muhokama qiladi;
doktorlik dissertatsiyalari mavzulari, izlanuvchilarning ish rejalarini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;
laboratoriya mudirlari va tadqiqot guruhlari rahbarlari, shuningdek, ayrim ilmiy xodimlar ishlari haqidagi hisobotni eshitadi;
ilmiy xodimlarning nomzodlarini “professor” yoki “katta ilmiy xodim” ilmiy unvonlarini olish uchun taqdim etadi;
ilmiy xodimlar malakasini oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qiladi, ilmiy kadrlar tayyorlash ishlari yuzasidan olimlarning ma’lumotlarini muntazam tinglab boradi;
dissertatsiyalar himoyalari bo‘yicha ilmiy kengashlar ishi haqidagi hisobotlarni tinglaydi va tasdiqlash uchun tavsiya etadi;
olimlarning yirik ilmiy ishlari, ixtiro va kashfiyotlarini ilm-fan sohasida O‘zbekiston Davlat mukofotiga, shuningdek, buyuk olimlar nomidagi medal va mukofotlar olishga, Institut xodimlarini fahriy unvon va boshqa mukofotlarga tavsiya etadi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga xaqiqiy a’zo bo‘lishga nomzodlarni ko‘rsatadi;
Institut laboratoriyasi mudiri lavozimiga nomzodlar o‘rtasida Institut ichki hujjatlarida belgilangan tartibda tanlovlar o‘tkazadi;
Institutda ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash bo‘yicha ishchi komissiyani tashkil etadi va ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga muayyan mezonlar asosida tarkibiy bo‘linma rahbarining tavsiyasiga ko‘ra qo‘shimcha haq miqdori va to‘lov davrini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
ishlab chiqarish siri (nou-xau) yoki tijorat siri rejimida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining intellektual (nomoddiy) natijasini qo‘riqlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
Institut direktoriga Ilmiy kengash tarkibi yuzasidan takliflar kiritadi.
42. Ilmiy kengash, agar uning yig‘ilishlarida ro‘yxatdagi tarkibning uchdan ikki qismidan kam bo‘lmagan a’zolari qatnashayotgan bo‘lsa, qaror qabul qilish huquqiga ega. Agar ilmiy kengashda qatnashayotgan a’zolarning 50 va undan ortiq foizi ovoz bergan bo‘lsa, ilmiy kengash qarori qabul qilingan hisoblanadi. Agar ko‘rilayotgan masalaning xususiyati yashirin ovoz berishni talab etmasa, qaror ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi.
43. Ilmiy kengash qarorlari Institut faoliyatida amalga oshirilishi va xodimlar tomonidan bajarilishi shart bo‘lib, ularni yuqori tashkilotlar qayta ko‘rishi yoki o‘zgartirishi mumkin emas.
9-bob. Institut mulkini tasarruf etish
44. Quyidagilar Institutning mulki hisoblanadi:
Vazirlik tomonidan Institutga operativ boshqaruv huquqi bilan biriktirilgan mulk;
Institutning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hamda o‘z mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantirilgan mulk.
45. Institut mulki bo‘linmaydi va ulushlar (hissalar, paylar) bo‘yicha taqsimlanishi mumkin emas.
46. Institut mulki quyidagi hollarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda Vazirlik bilan kelishgan holda tasarruf etiladi:
asosiy vositalarni sotish, hisobdan chiqarish (binolari va inshootlari, shu jumladan, qurilishi tugallanmagan binolari va inshootlaridan tashqari);
vakolatli tashkilotlar xulosasiga muvofiq yaroqsiz deb topilgan hamda vakolatli organlar tomonidan buzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan ko‘chmas mulk obyektlarini buzish;
vakolatli tashkilotlar roziligi bilan avtotransport vositalarini xarid qilish, bino va inshootlarni sotib olish va/yoki qurish;
mulkni Institut faoliyati maqsadlariga muvofiq bo‘lmagan boshqacha tarzda tasarruf etish.
47. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari Institutga xo‘jalik jamiyatlarini ta’sis etish hamda ularning ustav fondi (ustav kapitali)da ishtirok etish taqiqlanadi.
48. Institut bino va inshootlari (shu jumladan, qurilishi tugallanmagan bino va inshootlari), avtomototransport vositalari hamda boshqa asosiy vositalarini sotish va ijaraga berish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10-bob. Daromadlarni shakllantirish tartibi
49. Institutning joriy faoliyati, bino va inshootlardan foydalanish, xodimlar mehnatiga haq to‘lash (ilmiy xodimlardan tashqari) bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi va har yili Davlat budjetining xarajatlar parametrlarida belgilangan tartibda nazarda tutiladi.
50. Qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan quyidagi manbalar Institutning moliyaviy mablag‘larini tashkil etishi mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ilmiy faoliyatga oid dasturlarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;
ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sun’iy intellekt sohasida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni moliyalashtirish uchun alohida ochiladigan hisob raqami orqali ajratiladigan mablag‘lar;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ustuvor loyihalarni amalga oshirishni, normativ-huquqiy hujjatlar, ilmiy-tadqiqot ishlari va dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, ushbu sohada loyihalarni tayyorlash uchun tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hamda ushbu jamg‘armaning elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisob raqamidan ajratiladigan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xo‘jalik hisobi faoliyatida quyidagi bajarilgan ishlar hisobiga ishlab topilgan mablag‘lar:
tajriba-konstruktorlik ishlari;
marketing tadqiqotlari va monitoring ishlari;
aholi, tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslarga pullik konsalting xizmatlarini ko‘rsatish;
maxsus ijodiy buyurtmalarni bajarish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni, axborot materiallarini sotish, nashriyot faoliyati;
o‘z faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa turdagi mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotish;
chet el investorlarining mablag‘lari;
bank kreditlari va boshqa xil kreditlar;
alohida dastur va loyihalar bo‘yicha davlat va xalqaro grantlar bo‘yicha tushayotgan kirimlar;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlaridan olingan mablag‘lar.
51. Institutga biriktirilgan vaqtincha foydalanilmayotgan bino, maydon va inshootlar, jihozlar va boshqa asosiy vositalar boshqa tashkilotlarga, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, ijaraga berilishi mumkin.
52. Institutning operativ boshqaruvida bo‘lgan mol-mulkdan foydalanishdan olingan hosil, mahsulot va daromadlar, shuningdek, Institutning shartnoma bo‘yicha yoxud boshqa asoslarda vujudga kelgan mol-mulki ham uning operativ boshqaruviga o‘tadi.
11-bob. Daromadni tasarruf etish tartibi
53. Mazkur Ustavga muvofiq Institutning daromad keltiradigan faoliyatidan olingan daromad va ushbu daromad hisobidan sotib olingan mol-mulk Institut tomonidan foydalaniladi, alohida balansda hisobga olinadi hamda Vazirlik bilan kelishilgan holda tasarruf etiladi.
12-bob. Hisobotlar taqdim etish tartibi
54. Institut o‘z faoliyatining statistika va buxgalteriya hisobini amalga oshiradi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib va muddatlarda statistika va moliya hisobotini tuzadi.
55. Xo‘jalik faoliyati, moliya hisoboti, buxgalteriya hisobini belgilangan talablarga muvofiq yuritilishini tekshirish uchun Institut auditor tashkilotini jalb qilishi mumkin.
56. Institut direktori Vazirlik oldida yilida kamida bir marta Institut faoliyati natijalari to‘g‘risida va Institutni rivojlantirishga qaratilgan tasdiqlangan dasturlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan hisobot beradi.
57. Institut Vazirlik va yuqori turuvchi davlat organlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida hamda boshqa so‘rovlarga muvofiq belgilangan tartibda hisobot va ma’lumotlarni taqdim etadi.
13-bob. Institutni tugatish va qayta tashkil etish
58. Institut qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tugatilishi yoxud qayta tashkil etilishi mumkin.
59. Institutning tugatilishini Vazirlik buyrug‘iga asosan u tomonidan tayinlangan tugatish komissiyasi amalga oshiradi.
60. Institut tugatilgan taqdirda kreditorlar talablari qondirilganidan so‘ng qolgan mulk Vazirlik balansiga topshiriladi.
14-bob. Yakunlovchi qoida
61. Ushbu Ustav talablarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin.