Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining ILMIY ETIKA QOIDALARI
RTSIR ITIning 2026-yil 30-oktabrdagi 105-son buyrug‘iga 3-ilova
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ilmiy etika qoidalari (keyingi o‘rinlarda – Qoidalar) O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 1-maydagi 170-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Ilmiy faoliyatga oid namunaviy Ilmiy etika qoidalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida (keyingi o‘rinlarda – Institut), shu jumladan, uning tarkibiy bo‘linmalari, ilmiy loyihalari, ekspert tuzilmalari va Noshirlik kengashi faoliyatida ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish jarayonidagi axloqiy me’yorlar, qoidalar va tamoyillarni belgilaydi.
2. Qoidalarga Institut xodimlari, doktorantlari, stajyorlari, mustaqil izlanuvchilari, shuningdek, Institut bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan yoki Institut affiliatsiyasini ko‘rsatgan holda ilmiy ishlarni nashr etayotgan boshqa shaxslar (keyingi o‘rinlarda – tadqiqotchilar) rioya etishi majburiydir.
3. Qoidalar ilmiy faoliyat sifatini oshirish, ilmiy faoliyat ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, ilmiy jamoaning kasbiy faoliyati sifati va kasb sharafini qo‘llab-quvvatlash, halollik, xolislik va javobgarlikni ta’minlash hamda ilmiy maqolalar, dissertatsiyalar, monografiyalar, grantlar, hisobotlar, patentlar, ekspertizalar, taqrizlar va ma’lumotlar bilan ishlashga oid munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
4. Qoidalar ilmiy etika standartlari asosida O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuniga, xalqaro ilmiy noshirlik amaliyotiga, Xalqaro nashr etikasi qo‘mitasi (COPE) qo‘llanmalariga hamda YUNESKOning yo‘riqnomasida ilgari surilgan ilmiy halollik va tadqiqot yuritishga oid tamoyillarga asosan ishlab chiqilgan.
5. Halollik, obyektivlik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, intellektual mulk huquqlariga hurmat, hamkasblarga hurmat, shaffoflik va ochiqlik, qonuniylik, maxfiylik, inson huquqlarini himoya qilish Qoidalarning asosiy prinsiplari hisoblanadi.
6. Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
akademik halollik – ta’lim va tadqiqot jarayonida bilim olish, o‘zlashtirish hamda ilmiy ishlarni bajarishda axloqiy tamoyillarga (halollik, ishonch, hurmat) rioya qilish;
boshqa shaxsning ilmiy faoliyatiga zarar yetkazish – tadqiqot jarayoniga qasddan to‘sqinlik qilish, jumladan, uskunalar, hujjatlar, dasturiy ta’minot yoki boshqa resurslarga zarar yetkazish yoki ularni yo‘q qilish;
birgalikdagi javobgarlik – ilmiy etika qoidabuzarliklarida bevosita yoki bilvosita ishtirok etish, qoidabuzarlik holatlarini bilib turib yashirish, soxtalashtirilgan ishlarda hammuallif bo‘lish yoki nazorat majburiyatlarini bajarmaslik;
dublikatsiya (takroriy nashr) – bir xil ilmiy natijalarni avvalgi nashrga havola bermasdan va bu haqda tahririyatni xabardor qilmasdan ikki va undan ortiq nashrda e’lon qilish;
etika qoidabuzarliklarini e’tiborsiz qoldirish – etika buzilishi holatlarini ko‘rib chiqishdan bosh tortish, aniqlangan kamchiliklar to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilmaslik;
fabrikatsiya (qalbaki ma’lumotlar yaratish) – haqiqatda mavjud bo‘lmagan hujjatlar, dalillar, faktlar yoki ma’lumotlarni ataylab to‘plash, qasddan yaratish, soxta narsalarni haqiqiydek ko‘rsatish;
falsifikatsiya (ma’lumotlarni soxtalashtirish) – mavjud ma’lumotlar, hujjatlar yoki tadqiqot natijalarini ataylab o‘zgartirish, buzib ko‘rsatish yoki haqiqiy mazmunini noto‘g‘ri ifodalash orqali boshqalarni chalg‘itish va g‘arazli maqsadlarga erishish;
generativ sun’iy intellekt (Generative AI) – generativ modellar asosida matn, tasvir, video va boshqa turdagi ma’lumotlarni yaratishga qodir bo‘lgan sun’iy intellekt tizimi;
hammualliflik – ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati bilan adabiyot, ilm-fan yoki san’at asarini yaratish;
ilmiy etika – ilmiy tadqiqotlarni halol, adolatli va mas’uliyat bilan olib borishga doir axloqiy tamoyillar va qoidalar majmui;
ilmiy nashr retraksiyasi – ilmiy nashrlarni tuzatish mexanizmi bo‘lib, unda plagiat, ma’lumotlarni soxtalashtirish yoki boshqa jiddiy xato va qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda maqola rasman noto‘g‘ri deb tan olinadi;
manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat;
mualliflik huquqlarini buzish – plagiat (boshqa muallif matnidan ruxsatsiz foydalanish), tadqiqot usullari va g‘oyalarini o‘zlashtirish, ilmiy mualliflik yoki hammualliflikni asossiz da’vo qilish, ruxsatsiz nashr etish yoki hali nashr etilmagan materiallardan noqonuniy foydalanish;
mualliflik – shaxsning ijodiy faoliyati natijasida yaratilgan fan, adabiyot yoki san’at asarlariga nisbatan yuzaga keladigan huquqlar majmui;
plagiat – boshqa shaxsning ilmiy, ijodiy yoki boshqa turdagi ishlarini o‘zlashtirib, o‘z nomidan taqdim etish;
retraksiya – nashr etilgan materiallarni rasman qaytarib olish yoki tuzatish jarayoni bo‘lib, u boshqa tadqiqotchilarni ushbu material natijalaridan noto‘g‘ri foydalanish ehtimoli haqida ogohlantirish va ilmiy ishonchlilikni ta’minlashga xizmat qiladi;
soxta bayonotlar – yolg‘on ma’lumotlarni taqdim etish, ma’lumotlarni soxtalashtirish, ariza yoki grant hujjatlarida noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatish;
tahririyat qarorlarida tarafkashlik – qarorlarni shaxsiy manfaatlar, e’tiqodlar yoki siyosiy qarashlar asosida qabul qilish, asarlarni asossiz ravishda rad etish yoki muallifga nisbatan adovat asosida qaror qabul qilish;
o‘z-o‘zini plagiat qilish – muallifning ilgari e’lon qilingan o‘z ishlari yoki ularning qismlaridan tegishli havolasiz yangi ilmiy natija sifatida foydalanishi.
7. Ilmiy etikaning asosiy maqsadi – ilmiy bilimlarning haqqoniyligi va ishonchliligi, oshkoraligi va jamiyatning ilm-fanga bo‘lgan ishonchini ta’minlash, shuningdek, ilmiy hamjamiyatni plagiat va ma’lumotlarni soxtalashtirish holatlaridan himoya qilishdan iborat.
8. Institut Noshirlik kengashi orqali tadqiqotchilar, ilmiy rahbarlar, taqrizchilar va tegishli xodimlar uchun ilmiy etika, ma’lumotlarni boshqarish, mualliflik, manfaatlar to‘qnashuvi, etik ekspertiza va generativ sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish masalalari bo‘yicha boshlang‘ich hamda davriy o‘quv-treninglarni tashkil etadi.
9. Ilmiy rahbarlar, laboratoriya mudirlari, katta ilmiy xodimlar va loyiha rahbarlari, ayniqsa, faoliyatining dastlabki bosqichidagi izlanuvchilar bilan muntazam, tizimli va konstruktiv hamkorlikni ta’minlashi shart.
2-bob. Ilmiy etika qoidalariga rioya qilish va manfaatlarto‘qnashuvini tartibga solish
10. Ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishda quyidagilarga amal qilinadi:
qonuniylik, insonparvarlik, xavfsizlik, ixtiyoriy ishtirok va inson huquqlarini hurmat qilish prinsiplari;
inson ishtirokidagi tadqiqotlarda, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ishtirokchining ongli roziligini olish talabi;
hayvonlar ishtirokidagi tadqiqotlarda ularga nisbatan insonparvar munosabatda bo‘lish, og‘riq va azobni kamaytirish hamda hayvonlardan asossiz foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplari;
sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishda foydalaniladigan ma’lumotlar to‘plamlarining qonuniy asosda olinishi, shaxsga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi hamda algoritmik kamsitish (tarafkashlik) holatlarining oldini olish talablari.
Tadqiqotchi qo‘llanilayotgan usullarning ishonchliligi, ma’lumotlarni yig‘ish aniqligi va natijalarni halol talqin qilishni ta’minlashi shart. Etika qo‘mitasining ma’qullovi mavjudligi tadqiqotchini ilmiy va biotibbiy etika normalariga rioya qilish majburiyatidan ozod etmaydi.
11. Quyidagi holatlar Qoidalarning buzilishi deb e’tirof etiladi:
a) tadqiqotchilar (mualliflar) tomonidan sodir etiladigan buzilishlar:
plagiat, falsifikatsiya yoki fabrikatsiya holatlari;
mualliflik huquqlarini buzish, asossiz hammualliflikka kiritish yoki haqiqiy muallifni ko‘rsatmaslik;
ilmiy ma’lumotlarni tanlab taqdim etish yoki ularni buzib ko‘rsatish;
dublikatsiya;
manfaatlar to‘qnashuvini yashirish;
tadqiqot jarayonida axloqiy normalarga rioya etmaslik (jumladan, inson va hayvonlar ishtirokidagi tadqiqotlarda belgilangan talablarni buzish);
sun’iy intellektdan foydalanilganligini oshkor etmaslik yoki undan Qoidalarning 4-bobida taqiqlangan maqsadlarda foydalanish;
Institut affiliatsiyasi bilan tayyorlangan qo‘lyozmani belgilangan tartibda Noshirlik kengashi ko‘rigidan o‘tkazmasdan nashrga yuborish, shu jumladan, uni insofsiz (“yirtqich”) nashrlarda e’lon qilish;
b) taqrizchilar va tahririyat vakillari tomonidan sodir etiladigan buzilishlar:
taqdim etilgan materiallarga nisbatan xolislik va betaraflikni ta’minlamaslik;
taqriz berish jarayonida maxfiylik talablarini buzish, shu jumladan, taqriz uchun taqdim etilgan qo‘lyozmani uchinchi tomon sun’iy intellekt platformalariga yuklash;
mualliflik materiallaridan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish;
asossiz rad etish yoki qabul qilish orqali tarafkashlikka yo‘l qo‘yish;
manfaatlar to‘qnashuvi holatida taqriz berish yoki qaror qabul qilish;
ilmiy etika buzilishlari aniqlangan holatlarni ko‘rib chiqmaslik yoki e’tiborsiz qoldirish;
d) Institutning tarkibiy bo‘linmalari va mansabdor shaxslari tomonidan sodir etiladigan buzilishlar:
Qoidalarga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha zarur tashkiliy choralarni ko‘rmaslik;
qoidabuzarlik holatlarini yashirish yoki xolis tekshiruv o‘tkazmaslik;
manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish yoki uni bartaraf etmaslik;
tadqiqotchilarga nisbatan asossiz bosim o‘tkazish yoki ilmiy natijalarni soxtalashtirishni rag‘batlantirish;
ilmiy faoliyatda halollik va shaffoflik tamoyillarini ta’minlamaslik.
12. Ilmiy nashriy jarayonning barcha ishtirokchilari manfaatlar to‘qnashuvi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida oshkor etishi shart.
13. Mualliflarning manfaatlar to‘qnashuviga oid ma’lumotlari qo‘lyozma Noshirlik kengashiga taqdim etilayotganda, shuningdek, tegishli ilmiy jurnal tahririyatining qoidalarida belgilangan holatlar va tartibda oshkor etiladi.
14. Qoidalar buzilgani haqida vijdonan xabar bergan shaxsga nisbatan ta’qib, bosim, kamsitish, xizmat faoliyatida sun’iy to‘siqlar yaratish taqiqlanadi. Institut bunday shaxslarning shaxsi, xavfsizligi va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi.
15. Manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lganda, shaxs o‘zini o‘zi rad etishi yoki tegishli materialni ko‘rib chiqish, baholash yoki qaror qabul qilish jarayonidan chetlashishi shart.
16. Qoidalar buzilganligi to‘g‘risidagi xabarlar Noshirlik kengashiga yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi. Qoidalar buzilganligi alomatlari aniqlangan taqdirda, Noshirlik kengashi belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazadi.
17. Qoidalar buzilganligiga doir gumon materialni holatni o‘rganmasdan turib rasman rad etish uchun asos bo‘la olmaydi.
18. Tekshiruv o‘tkazilayotgan shaxs bu haqda xabardor qilinadi va unga yozma tushuntirish berish imkoniyati yaratiladi.
19. Qoidabuzarlik tasdiqlangan taqdirda, uning xususiyati va og‘irlik darajasiga qarab, nashrni rad etish, e’lon qilingan ishni chaqirib olish (retraksiya qilish), manfaatdor tomonlarni xabardor qilish va boshqa tegishli choralar ko‘riladi.
20. Qoidalar buzilishi holatlarini ko‘rib chiqish tartibi shaffof, hujjatlashtirilgan va yagona yondashuv asosida bo‘lishi shart.
21. Tadqiqotlar o‘tkazish, nashrlar tayyorlash va ilmiy materiallarni ko‘rib chiqish jarayonida ma’lumotlarni himoya qilish va maxfiylikka rioya etilishi quyidagilardan kelib chiqib ta’minlanadi:
tadqiqot ishtirokchisini aniqlash imkonini beruvchi ma’lumotlarni nashr etishga, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, faqat uning yozma roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi;
tadqiqotda ishtirok etishga berilgan rozilik shaxsga doir ma’lumotlar, tasvirlar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtiboslar yoki boshqa ma’lumotlarni nashr etishga avtomatik rozilik hisoblanmaydi;
ilmiy, ekspertlik va tahririy faoliyatda ishtirok etuvchi shaxslar o‘z vazifalarini bajarish jarayonida ma’lum bo‘lgan maxfiy ma’lumotlarni oshkor etmaydi;
ilmiy faoliyatda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash, saqlash va ulardan foydalanish shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshiriladi;
intellektual mehnat natijalarini ochiq e’lon qilish yoki uchinchi shaxslarga uzatish Maxfiylik rejimi va nashrlarni nazorat qilish bo‘yicha ekspert komissiyasining xulosasi asosida amalga oshiriladi.
3-bob. Ilmiy nashrlar retraksiyasini tartibga solish
22. Institut tomonidan nashr etiladigan ilmiy jurnal va to‘plamlarning muharrirlari kelib tushgan qo‘lyozmalarni mahalliy va xalqaro tizimlar yordamida plagiat, o‘z-o‘zini plagiat qilish va ma’lumotlarni soxtalashtirish holatlari bo‘yicha sinchkovlik bilan tekshirishlari hamda sifatli taqrizlash jarayonini tashkil etishlari shart.
23. Retraksiyani amalga oshirishda quyidagilarga amal qilinadi:
retraksiya mualliflar yoki boshqa shaxslarning rasmiy murojaati asosida, shuningdek, tahririyat yoki nashriyot tashabbusi bilan amalga oshiriladi, anonim murojaatlar retraksiya uchun mustaqil asos bo‘la olmaydi;
agar plagiat maqolaning faqat bir qismiga taalluqli bo‘lsa, retraksiya o‘rniga maqolani tuzatish (qaytarib olmasdan tahrir qilish) qo‘llanilishi mumkin;
takroriy nashr etilgan maqolalar aniqlanganda nashriyotlar o‘zaro kelishuv asosida barcha versiyalarni qaytarib olish yoki avval nashr etilgan versiyani saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
agar nashrning ishonchsizligiga oid yetarli dalillar mavjud bo‘lmasa, tahririyat maqolani darhol retraksiya qilmasdan, unga nisbatan shubhalar haqida axborot e’lon qiladi, ishonchsizlik tasdiqlangan taqdirda maqola retraksiya qilinadi;
agar qoidabuzarlik barcha mualliflarga taalluqli bo‘lmasa, bu holat retraksiya to‘g‘risidagi bildirishnomada alohida ko‘rsatilishi shart;
retraksiya maqolani jurnal yoki veb-saytdan to‘liq olib tashlashni emas, balki uning ishonchsizligi haqida rasmiy ma’lumot berishni anglatadi; maqola faqat jamiyat yoki fanga zarar yetkazish ehtimoli mavjud bo‘lgan alohida hollarda to‘liq olib tashlanishi mumkin;
muallif yoki mualliflar jamoasi maqolani qaytarib olish zarur deb hisoblasa, sabablarni asoslab, ilmiy jurnal tahririyatiga murojaat qiladi va tahririyat rozi bo‘lgan taqdirda retraksiya ushbu Qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi; tahririyat tomonidan javob berilmagan hollarda mualliflar yuqori turuvchi tashkilotga murojaat qilish huquqiga ega;
retraksiya bo‘yicha murojaat mualliflar jamoasiga kirmaydigan shaxs tomonidan taqdim etilsa, tahririyat mualliflar bilan bog‘lanib tekshiruv o‘tkazadi, uning natijalariga ko‘ra maqolani qaytarib olish, tuzatish yoki murojaatni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi hamda bu haqda murojaat qiluvchini va mualliflarni xabardor qiladi;
tahririyat mustaqil ravishda (ekspertiza yoki kelib tushgan ma’lumotlar asosida) retraksiya qilishga qaror qilsa, mualliflar bu haqda xabardor qilinadi va ularga tushuntirish berish imkoniyati yaratiladi; qoidabuzarliklar aniq va jiddiy bo‘lgan hollarda tahririyat mualliflar roziligidan qat’i nazar maqolani qaytarib olish huquqiga ega bo‘ladi hamda zarur hollarda tegishli tashkilotlarni xabardor qiladi.
24. Maqolani retraksiya qilish tartibi:
retraksiya tekshiruv natijalari asosida ilmiy jurnal bosh muharriri va tahririyat kengashi tomonidan qaror qabul qilinganidan so‘ng amalga oshiriladi, tekshiruvni o‘tkazish uchun mutaxassislar jalb qilinadi;
retraksiya to‘g‘risidagi qaror tahririyat kengashi yig‘ilishi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi, bayonnomada yig‘ilish sanasi, ishtirokchilar tarkibi, tekshiruv natijalari, qarorning asoslari, retraksiya qilingan maqola to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda retraksiyani boshlagan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
25. Boshqa tashkilotlar tomonidan nashr etilgan, Institutga affillangan ilmiy maqolada Qoidalarning jiddiy buzilishi aniqlangan taqdirda, Noshirlik kengashi mualliflarni tinglagan holda tegishli jurnal tahririyatiga maqolani tuzatish yoki retraksiya qilish to‘g‘risida murojaat yuborish masalasini ko‘rib chiqadi va Institut direktoriga tavsiya beradi.
4-bob. Ilmiy faoliyatda sun’iy intellektdan foydalanish tartibi(YUNESKO yo‘riqnomasi asosida)
26. Sun’iy intellekt ilmiy tadqiqotlarda katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash, tahlil qilish va tizimlashtirishni tezlashtiruvchi samarali vosita hisoblanadi hamda tadqiqot jarayonini optimallashtirish va tadqiqotchilarga asosiy ilmiy vazifalarga e’tibor qaratish imkonini beradi.
27. Sun’iy intellekt ilmiy ishning ayrim bosqichlarida yordamchi vosita sifatida qo‘llanilishi mumkin, jumladan, g‘oyani shakllantirish va terminologiyani aniqlashtirishga ko‘maklashadi, biroq mustaqil ravishda ilmiy natijalar, xulosalar yoki tadqiqot metodologiyasini yarata olmaydi. Sun’iy intellekt tadqiqotchining o‘rnini bosmaydi va ilmiy ish uchun javobgarlik to‘liq muallif zimmasida qoladi.
28. Ilmiy tadqiqotlarda generativ sun’iy intellektdan foydalanishda Qoidalarning asosiy prinsiplariga rioya qilinishi shart. Sun’iy intellektdan foydalanishda insonning hal qiluvchi o‘rni saqlanishi, ilmiy tadqiqot, baholash va xulosa chiqarish jarayonlarida insonning intellektual ishtiroki hamda axloqiy mas’uliyati ustuvor bo‘lishi lozim. Sun’iy intellekt inson tafakkurining o‘rnini bosuvchi emas, balki yordamchi vosita sifatida qo‘llaniladi.
29. Sun’iy intellektning yozma faoliyatni avtomatlashtirish, tadqiqot metodologiyasini takomillashtirish va ma’lumotlarni tahlil qilish imkoniyatlaridan foydalanishda mustaqil fikrlash, ilmiy tahlil va konseptual yondashuvlarga putur yetkazilmasligi shart.
30. Sun’iy intellektdan foydalanish akademik halollik tamoyillariga muvofiq amalga oshirilishi, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan materiallardan foydalanilganda ularning manbasi tegishli tartibda ko‘rsatilishi, plagiat, soxtalashtirish va “avtomatlashtirilgan yolg‘on ilm” holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.
31. Sun’iy intellektdan foydalanish faqat texnologik vosita sifatida emas, balki axloqiy va ijtimoiy mas’uliyat talab etuvchi jarayon sifatida baholanishi kerak. Bunda, ayniqsa, onlayn platformalar va bulut texnologiyalaridan foydalanilganda ma’lumotlar xavfsizligi va maxfiyligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi shart.
32. Ilmiy faoliyatda sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishda ma’lumotlar xavfsizligi va maxfiyligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan xavfsizlik choralariga rioya qilinishi shart. Imkoniyat mavjud bo‘lganda sun’iy intellektning lokal (oflayn) versiyalaridan foydalanish ustuvor hisoblanadi.
33. Sun’iy intellektga ma’lumot yuborishdan oldin shaxsga oid va maxfiy ma’lumotlar anonimlashtirilishi, ya’ni ism, familiya, manzil, telefon raqami va boshqa identifikatsiyalovchi ma’lumotlar olib tashlanishi yoki o‘zgartirilishi lozim.
34. Ilmiy faoliyatda foydalanishga ruxsat etilgan hamda taqiqlangan sun’iy intellekt vositalarining ro‘yxati Noshirlik kengashining taklifiga ko‘ra Institut direktori tomonidan tasdiqlanadi va zaruratga ko‘ra, lekin kamida yiliga bir marta yangilanib boriladi. Bunda:
Institut tomonidan ishlab chiqilgan yoki joriy etilgan, lokal (oflayn) rejimda yoxud Institutning himoyalangan axborot infratuzilmasida ishlaydigan vositalardan foydalanish ustuvor hisoblanadi;
ommaviy (uchinchi tomon) sun’iy intellekt platformalaridan faqat ochiq va anonimlashtirilgan ma’lumotlar bilan ishlashda foydalanishga yo‘l qo‘yiladi;
foydalanuvchi ma’lumotlarini saqlash, qayta ishlash va uchinchi shaxslarga uzatish shartlari noma’lum bo‘lgan vositalardan foydalanish taqiqlanadi.
35. Quyidagi ma’lumotlarni uchinchi tomon sun’iy intellekt platformalariga kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi:
shaxsga doir ma’lumotlar, shu jumladan, tadqiqot ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
tibbiy ma’lumotlar;
davlat sirlari, shuningdek, “Xizmatda foydalanish uchun” belgisi qo‘yilgan va boshqa maxfiy xizmat ma’lumotlari;
tijorat siri hisoblangan ma’lumotlar, shu jumladan, hamkor tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar doirasida olingan ma’lumotlar;
Maxfiylik rejimi va nashrlarni nazorat qilish bo‘yicha ekspert komissiyasining ochiq e’lon qilish imkoniyati to‘g‘risidagi xulosasi olinmagan, nashr etilmagan tadqiqot natijalari, dasturiy kodlar va ma’lumotlar to‘plamlari;
patent olish uchun hali talabnoma berilmagan ixtiro, foydali model va boshqa texnik yechimlarning mohiyati;
taqriz yoki ekspertiza uchun taqdim etilgan boshqa mualliflarning qo‘lyozmalari va materiallari.
36. Sun’iy intellekt vositalaridan olingan har qanday ma’lumotlar taqdim etilishidan oldin muallif tomonidan mustaqil ravishda tekshirilishi, tahlil qilinishi, qayta ko‘rib chiqilishi va zarur hollarda qayta tahrir qilinishi lozim. Zarurat mavjud bo‘lsa, bunday ma’lumotlardan foydalanish uchun tegishli rozilik olish tartibiga rioya qilinishi shart.
37. Sun’iy intellektdan olingan ma’lumotlarni tekshirishda quyidagilarga amal qilinadi:
sun’iy intellekt tomonidan taqdim etilgan faktlar, raqamli ma’lumotlar, iqtiboslar va adabiyotlarga havolalar birlamchi manbalar bilan solishtirib tekshiriladi;
mavjud bo‘lmagan (sun’iy intellekt tomonidan to‘qib chiqarilgan) manbalarga havola berish fabrikatsiya deb baholanadi;
sun’iy intellekt yordamida olingan hisob-kitoblar, dasturiy kod va tahlil natijalari muallif tomonidan qayta tekshirilishi va takrorlanishi mumkin bo‘lgan shaklda hujjatlashtiriladi;
sun’iy intellekt yordamida yaratilgan yoki o‘zgartirilgan tasvir, grafik va diagrammalar ilmiy ishda alohida belgilanadi va ularni yaratish usuli ko‘rsatiladi.
38. Sun’iy intellekt texnologiyalaridan ilmiy-tadqiqot faoliyatida foydalanish faqat yordamchi instrument sifatida amalga oshiriladi va ilmiy natijalarning mustaqil manbai sifatida qaralmaydi.
39. Sun’iy intellektdan ilmiy axborotlarni qidirish va dastlabki tahlil qilish, matnlarni tahrirlash, uslubiy jihatdan yaxshilash va tarjima qilish, ma’lumotlarni tizimlashtirish, qayta ishlash va vizuallashtirish, shuningdek, ilmiy muhokama uchun yordamchi g‘oyalar generatsiyasi maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda sun’iy intellekt faqat yordamchi vosita sifatida qo‘llanilishi mumkin, undan foydalanish tadqiqot natijalarining mazmuniga, ilmiy xulosalarga va muallifning mustaqil ilmiy yondashuviga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatmasligi shart.
40. Sun’iy intellektdan ilmiy natijalarni mustaqil ravishda yaratish yoki shakllantirish, tadqiqot ma’lumotlarini to‘qib chiqarish (fabrikatsiya) yoki soxtalashtirish (falsifikatsiya), ilmiy ishni to‘liq yoki uning asosiy qismini sun’iy intellekt yordamida tayyorlab, uni shaxsiy ilmiy ish sifatida taqdim etish maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, maxfiy, shaxsiy yoki himoyalanadigan ma’lumotlarni sun’iy intellekt platformalariga kiritish hamda sun’iy intellektni muallif yoki hammuallif sifatida ko‘rsatish taqiqlanadi. Sun’iy intellektdan foydalanish ilmiy halollik, mualliflik mas’uliyati va ma’lumotlar xavfsizligi tamoyillariga zid bo‘lmasligi shart.
41. Ilmiy ishda sun’iy intellektdan foydalanilgan taqdirda, bu haqda majburiy ravishda ma’lumot berilishi shart. Sun’iy intellektdan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumot ilmiy ishning “Metodologiya”, “Minnatdorchilik” bo‘limida yoki alohida “Sun’iy intellektdan foydalanish to‘g‘risida bayonot” shaklida keltirilishi lozim. Mazkur bayonotda foydalanilgan sun’iy intellekt vositasining nomi va versiyasi, undan foydalanish maqsadi, qo‘llanish ko‘lami hamda tadqiqotning qaysi bosqichlarida undan foydalanilgani aniq va to‘liq ko‘rsatilishi shart. Sun’iy intellektdan foydalanishni oshkor etmaslik ilmiy oshkoralik va akademik halollik tamoyillarini buzish deb baholanadi.
42. Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan yoki qayta ishlangan barcha materiallar uchun to‘liq javobgarlik tadqiqotchi (muallif) zimmasiga yuklanadi. Muallif sun’iy intellekt tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi, ishonchliligi va ilmiy asoslanganligini majburiy tartibda tekshirishi shart. Sun’iy intellektdan olingan ma’lumotlardan tekshiruvsiz foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Tekshirilmagan yoki noto‘g‘ri ma’lumotlardan foydalanish Qoidalarni buzish deb baholanadi va buning uchun javobgarlik muallif zimmasida bo‘ladi.
43. Sun’iy intellektdan foydalanish jarayonida akademik halollik, shaffoflik va xolislik tamoyillariga qat’iy rioya etilishi lozim. Sun’iy intellektdan noqonuniy yoki axloqqa zid maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
44. Tadqiqot jarayonida qarama-qarshi ilmiy yondashuvlarni ko‘rib chiqish, tahlil qilish va muhokama etish ilmiy faoliyatning shaffofligi, xolisligi hamda intellektual halolligini ta’minlashning muhim sharti hisoblanadi. Mualliflar ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda muqobil nuqtai nazarlar, qarama-qarshi ilmiy pozitsiyalar va turli metodologik yondashuvlarni e’tiborga olishi, ularni asosli ravishda baholashi va ilmiy muhokamada inobatga olishi lozim. Bunday yondashuv tarafkashlikning oldini olishga, ilmiy xulosalarning ishonchliligi va sifatini oshirishga xizmat qiladi.
45. Ilmiy tadqiqotlar va nashrlarda Qoidalarga rioya qilish barcha tadqiqotchilar uchun majburiydir. Qoidalar buzilgan taqdirda, Noshirlik kengashining xulosasi asosida qonunchilik hujjatlari, Institutning ichki mehnat tartibi qoidalari hamda ilmiy va nashriyot standartlariga muvofiq intizomiy, tashkiliy, akademik va nashriyotga oid choralar qo‘llanilishi mumkin. Bunday choralar ogohlantirish, tuzatish kiritish, maqolani rad etish yoki retraksiya qilish, ilmiy daraja va maqomga taalluqli choralar, shuningdek, boshqa belgilangan javobgarlik choralarini o‘z ichiga olishi mumkin.
46. Qoidalarni buzish muallifning ilmiy obro‘siga putur yetkazishi, tadqiqot natijalarining ishonchliligiga shubha tug‘dirishi va boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli ilmiy faoliyatning barcha bosqichlarida halollik, xolislik, shaffoflik, mas’uliyat va ilmiy odob tamoyillariga qat’iy rioya etilishi shart.
47. Institutga ishga qabul qilinayotgan xodimlar, shuningdek, doktorantura, stajyorlik va mustaqil izlanuvchilikka qabul qilinayotgan shaxslar Qoidalar bilan imzo qo‘ydirgan holda tanishtiriladi.
48. Qoidalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar Noshirlik kengashining taklifiga ko‘ra Institut direktorining buyrug‘i bilan kiritiladi.