IJRO.GOV.UZ тизими орқали ЭРИ билан тасдиқланган, Ҳужжат коди: GE22161112
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR VAZIRLIGI
RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR VA SUN‘IY INTELLEKTNI
RIVOJLANTIRISH ILMIY-TADQIQOT INSTITUTI
BUYRUG’I
2025-yil 2-iyun 46-son Toshkent sh.
Ijtimoiy himoya komissiyasi tashkil etish to‘g‘risida
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) Jamoa shartnomasining 8.17-bandiga muvofiq Institut xodimlarining ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida buyuraman:
1. Institutda 1-ilovaga muvofiq tarkibda Ijtimoiy himoya komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) tashkil etilsin.
2. Komissiya nizomi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 3. Institutda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalarni hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani tayinlash bo‘yicha Ish beruvchi tomonidan vakil qilingan shaxs etib Xodimlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i F.Gulamova tayinlansin.
4. Ushbu buyruq ijrosi nazoratini o‘z zimmamda qoldiraman.
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, Institutning 2025-yil 1-iyundan kuchga kirgan Jamoa shartnomasi, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 314-son qarori bilan tasdiqlangan “Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalarni hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
Direktor А.Kadirov
RTSIR ITI 2025-yil 2-iyundagi
46-son buyrug‘iga
1-ilova
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot
instituti Ijtimoiy himoya komissiyasi
TARKIBI
| T/r | F.I.O | Lavozim | Izoh |
|---|---|---|---|
| 1. | Sh. Yetmishboyev | Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi | Komissiya raisi |
| 2. | N. Valiyeva | Bosh iqtisodchi | Komissiya raisi o‘rinbosari |
| 3. | Sh. Fazilov | Laboratoriya mudiri | Komissiya a’zosi |
| 4. | F. Gulamova | Xodimlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i | Komissiya a’zosi |
| 5. | G‘. Botirov | Bosh buxgalter | Komissiya a’zosi |
Izoh: Komissiya a’zosi boshqa lavozimga o‘tganda uning funksiyalari uning o‘rniga tayinlangan shaxsga o‘tkaziladi.
RTSIR ITI 2025-yil 2-iyundagi
46-son buyrug‘iga
2-ilova
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot
instituti Ijtimoiy himoya komissiyasi to‘g‘risida nizom
1. Umumiy qoidalar
Mazkur nizom O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi va Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining (keyingi o‘rinlarda – Institut) jamoa shartnomasiga asosan ishlab chiqilgan bo‘lib, Institutda Ijtimoiy himoya komissiyasining (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) asosiy vazifa va funksiyalarini belgilaydi.
1.1. Komissiya o‘z faoliyatini mehnat qonunchiligi, mehnat shartnomasi, Institut jamoa shartnomasi, ushbu nizom hamda Institut rahbariyati va Kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan qarorlar asosida olib boradi.
1.2. Komissiya tarkibi, a’zolari soni va raisi Kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda Ish beruvchining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
1.3. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalarni hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani (keyingi o‘rinlarda — ijtimoiy nafaqa) tayinlash va to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 314-son qarori bilan tasdiqlangan “Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalarni hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
1.4. Asosiy ish joyi Institut bo‘lgan xodimlar uchun ijtimoiy nafaqalar Institutda ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha Ish beruvchi tomonidan vakil qilingan shaxs tomonidan tayinlanadi.
1.5. Komissiya xodimlardan kelib tushgan arizalarni 3 ish kuni muddatda ko‘rib chiqadi.
2. Komissiyaning asosiy vazifa va funksiyalari
2.1. Komissiyaning asosiy vazifasi Institut xodimlarining ijtimoiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha Institut Jamoa shartnomasida belgilangan funksiyalarni bajarish, shu jumladan, xodimlarning ijtimoiy himoya va moddiy yordam olishga oid arizalarini ko‘rib chiqishdan iborat.
2.2. Komissiya Institut jamoa shartnomasining tegishli bandlariga muvofiq quyidagi funksiyalarini bajaradi:
2.2.1. xodim (yoki uning yaqin qarindoshi) og‘ir va uzoq muddatli (kamida bir oy uzluksiz) kasalikka chalinganda MHTEKM 3-5 barobari miqdorida, statsionar holda davolanganda esa (moddiy yordam ko‘rsatish o‘ta zarurligini tasdiqlovchi ma’lumotnomalar, xulosalar va boshqa hujjatlar mavjud bo‘lganda) davolanish qiymatining 100 foizgacha bo‘lgan miqdorda moddiy yordam berish yoki tegishli xarajatlarni amalga oshirish/qoplash masalasini ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha Ish beruvchiga xulosa kiritish;
2.2.2. Tashkilotda kamida 5 yil ishlagan xodimlarning tishlarini protezlash va davolashda MHTEKM 5 baravari miqdorigacha (tishlarni protezlash yoki davolash zarurligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda) moddiy yordam berish yoki tegishli xarajatlarni amalga oshirish/qoplash masalasini ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha Ish beruvchiga xulosa kiritish;
2.2.3. Tashkilotda kamida 3 yil ishlagan xodimlarning shaxsiy uy-joy, xonadonlarini ta’mirlashda MHTEKM 10 baravari miqdorigacha moddiy yordam berish yoki tegishli xarajatlarni amalga oshirish/qoplash masalasini ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha Ish beruvchiga xulosa kiritish;
2.2.4. Komissiya tashkilotda ishlab ketgan yolg‘iz pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, mehnat faxriylari va boshqa asoslarga ko‘ra shaxslarni sovg‘alar va pul mukofotlari bilan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Ish beruvchiga taklif kiritish;
2.2.5. O‘zbekiston Respublikasi hududidagi sanatoriy-kurort muassasalarida nogironligi bor shaxslar, yolg‘iz qariya, mehnat fahriylari, kam taʼminlangan oila a’zolarining dam olishlari va davolanishlarini tashkil etish bo‘yicha Ish beruvchiga xulosa kiritish.
2.3. Komissiya Ish beruvchi ko‘rsatmasiga ko‘ra boshqa holatlarda ham xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, moddiy yordam berish yoki tegishli xarajatlarni amalga oshirish/qoplashga doir masalalarni ko‘rib chiqishi mumkin.
3. Faoliyat tartibi
3.1. Komissiya o‘z faoliyatini holislik, kollegiallik, ijtimoiy adolat va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshiradi.
3.2. Komissiya qarorlari ochiq ovoz berish yo‘li bilan ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi va bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
3.3. Komissiya tomonidan tasdiqlangan moddiy yordam to‘lovlari moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqib Institut hisobidan yoki Kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
3.4. Komissiya o‘z funksiyalarini bajarish uchun zarur hujjat va ma’lumotlarni ariza bilan murojaat qilgan xodimlardan, Institut ma’muriyati, bo‘linma boshliqlari va boshqa xodimlaridan so‘rab olish huquqiga ega.
3.5. Komissiya a’zolari xodimlarga taalluqli asos bo‘luvchi hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonida o‘ziga ma’lum bo‘lgan, sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilishga haqli emas.
4. Yakuniy qoidalar
4.1. Mazkur Nizomga Komissiyaning barcha a’zolari, shuningdek, Institut rahbariyati va Kasaba uyushmasi tomonidan rioya qilinishi shart.