BMT sun’iy intellekt bo’yicha birinchi global rezolyutsiyani qabul qildi

Cover Image for BMT sun’iy intellekt bo’yicha birinchi global rezolyutsiyani qabul qildi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sun’iy intellekt bo’yicha muhim rezolyutsiyani qabul qildi. Ushbu rezolyutsiyaning asosiy maqsadi butun dunyo bo’ylab sun’iy intellekt texnologiyalarining xavfsiz rivojlanishini rag’batlantirishdan iborat.

Xususan, 120 dan ortiq davlat hamkorligidagi rezolyutsiya joriy yilning 21-mart kuni BMTga aʼzo mamlakatlar tomonidan ovoz berish yo’li bilan qabul qilindi. U sakkiz sahifadan iborat bo’lib, inson huquqlari va erkinliklariga daxl qilmaydigan xavfsiz va ishonchli SI tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan.

Shuningdek, rezolyutsiya unga aʼzo davlatlar va manfaatdor tomonlarni xalqaro inson huquqlariga zid boʻlgan sunʼiy intellektni cheklashga chaqiradi.

Rezolyutsiya qarorining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

  • SI ning foydali va xavfsizlik jihatlari haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirish;
  • SI ga oid tadqiqot ishlanmalariga investitsiyalarni kuchaytirish;
  • Maxfiylikni himoya qilish va SI tizimlarida xavfsizlikni ta’minlash;
  • SI ma’lumotlar bazasi hamda algoritmlarida noaniq va mavjud muammolarni hal qilish.

Ta’kidlash joizki, ushbu qaror davlatlarni SI dan foydalanish jarayonida milliy siyosat tizimida himoya choralari va standartlarini ishlab chiqishga undaydi.

Ma’lumot o’rnida, mazkur rezolyutsiya BMTning birinchi marotaba sun’iy intellekt uchun tavsiyalarini ishlab chiqqani alohida e’tirof etildi.