Sarhisob: 2022-yilda raqamli texnologiyalar sohasi katta o‘sishga erishdi, xalqaro reytinglardagi o‘rni sezilarli darajada ko‘tarildi

Cover Image for Sarhisob: 2022-yilda raqamli texnologiyalar sohasi katta o‘sishga erishdi, xalqaro reytinglardagi o‘rni sezilarli darajada ko‘tarildi

Yakunlangan 2022-yilda mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, raqamli texnologiyalarni davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish hamda ular yordamida insonlarning og‘irini yengil qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Davlatimiz rahbari soha vakillari bilan bir necha marta uchrashib, sohani rivojlantirish bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab berdi hamda Davlat rahbarining “Elektron hukumat” tizimi ma’lumotlarini saqlash va qayta ishlash yagona markazi va IT-Parkda qurilgan yangi binolarga tashrifi amalga oshirildi.

AKT sohasiga kiritilgan investitsiya hajmi 1,3 barobarga, soha tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi esa 1,25 barobarga oshirilishi natijasida aholi jon boshiga AKT xizmatlar 621 ming so‘mni tashkil etdi hamda qo‘shimcha 29,6 mingta aholining bandligi ta’minlandi.

Hozirgi kunda 31,0 mln. kishi Internet xizmatidan foydalanmoqda, mobil Internet foydalanuvchilari soni esa 29,5 mln.ni tashkil etdi.

Aholiga qulay va sifatli aloqani ta’minlash maqsadida:

– xalqaro Internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1,8 barobarga oshirilishi evaziga, bir oyda bir foydalunuvchiga to‘g‘ri keladigan ma’lumot hajmi mobil aloqada 8,5 Gbni, simli Internetda esa 198 Gbni tashkil etdi.

– respublika bo‘ylab optik-tolali aloqa liniyalari uzunligini 1,5 barobarga kengaytirish orqali ularning aholi yashash maskanlaridagi qamrov darajasi 80 foizga yetkazildi;

– 6,8 mingta qo‘shimcha mobil tayanch stansiyalarining ishga tushirilishi orqali mobil aloqa qamrovi darajasi 99 foizga, yuqori tezlikdagi mobil Internet qamrovi 98 foizga yetkazildi, shuningdek, avval mobil aloqadan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan 43 ta aholi yashash maskanida undan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Aholining og‘irini yengil qilish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida elektron xizmatlar soni 1,2 barobarga, uning mobil ilovasida esa 1,5 barobarga oshirilishi evaziga yil boshidan xizmatlardan jami 11.5 mln marotaba foydalanishga erishildi.

Mamlakatning jahon miqyosida obro‘sini yuksaltirish, mavqeini mustahkamlash va shaffoflikni ta’minlash uchun xalqaro reytinglarning o‘rni muhim.

2022-yilgi xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning raqamlashtirish bo‘yicha o‘rni sezilarli darajada ko‘tarildi.

Xususan, Jahon bankining “GovTech Enablers” indeksiga muvofiq, raqamli ko‘nikmalar va davlat xizmatlaridagi innovatsiyalar bo‘yicha mamlakatimiz 2020-yilga nisbatan 65 pog‘ona yuqoriladi. “GovTech Maturity Index” natijalariga ko‘ra, hukumat va davlat xizmatlari sektori bo‘yicha esa 37 pog‘ona yuqorilab, 198 mamlakat ichida raqamli transformatsiya sohasida yetakchi mamlakatlarning “A” guruhiga kirdi.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan har 2 yilda bir marta o‘tkaziladigan Elektron hukumat reytingining (E-Government Survey) joriy yilgi natijasida O‘zbekiston bir yo‘la 18 pog‘ona yuqorilab, “yuqori/juda yuqori rivojlanuvchi” mamlakatlar qatoriga kirdi.

“Oxford Insights” tomonidan o‘tkazilgan “Hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksi” (“Government Artificial Intelligence Rea dines Index”) tahlilida 2022-yil mamlakatimiz 160 ta davlat ichida 14 pog‘ona yuqoriladi.

Shuningdek, Buyuk Britaniyaning “Oxford Insights” tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan “Hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksi”da (“Government Artificial Intelligence Rea dines Index”) ko‘rsatilgan statistika bo‘yicha O‘zbekiston 160 ta davlat ichida 2019-yilda 158-o‘rinni, 2020-yilda 95-o‘rinni, 2021-yilda 93-o‘rin va 2022-yilda 79-o‘rinni (o‘sish +14) egallagan.

“Open data Inception”ning 2022-yilgi tahliliga ko‘ra, dunyoning 201 ta mamlakatlari orasida ochiq ma’lumotlar manbalari va ular soni bo‘yicha O‘zbekiston 124 ta ochiq ma’lumotlar manbalari bilan 4-o‘rinni egallagan (1-o‘rin AQSH – 641 ta manba, 2-o‘rin Fransiya – 381 ta manba, 3-o‘rin Ispaniya – 307 ta manba). 2021-yilda mazkur ko‘rsatkichda respublikamiz 99 ta manba bilan 5-o‘rinni egallagan.

Buyuk Britaniyaning xalqaro nufuzli Cable.co tashkiloti tomonidan 233 ta davlat orasida O‘zbekiston Respublikasi mobil internet narxi eng past bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritildi. Mazkur reytingda mamlakatimiz 21 o‘rindan (2021-yil 1-yarim yillikda) 15 o‘ringa (2022-yil 1 yarim yillikda) ko‘tarildi. Bunda davlatimiz Kozog‘iston, Turkmaniston va Tojikiston davlatlarini ortda qoldirdi.

Shuningdek, The Economist Intelligence Unit tomonidan har yil e’lon qilinadigan “Inclusive Internet” indiksida respublikamiz o‘tgan yilga nisbatan 5 pog‘ona ko‘tarilib (2021-yilda 66-o‘rin) 2022-yilda 61-o‘rinni egalladi.  

Ookla tomonidan davlatlarning mobil va simli internet tezligini tahlil qiluvchi SpeedTest Global Index e’lon qilinib, ushbu indeksda Respublikamiz 2021-yil yakunida modil internet tezligi bo‘yicha dunyo davlatlari orasida 128-o‘rinni hamda simli internet tezligi bo‘yicha 94-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2022-yil oktabr oyi yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichlarimiz 116-o‘ringa (mobil internet tezligi) va 88-o‘ringa (simli internet tezligi) ko‘tarildi.

Joriy yildagi IT eksportidagi ko‘zlangan marra qo‘lga kiritildi. Sohani tahlil qilsak, IT Park rezidentlari tomonidan amalga oshirilgan eksport 3,5 barobarga, mahalliy bozorga ko‘rsatilgan xizmatlar 2,5 barobar o‘sdi. 

O‘zbekistonda IT infratuzilmasi yaxshilanishi, xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan qulay muhit natijasida 2021 yilda faoliyat olib borayotgan 23 ta xorijiy IT kompaniyalar soni joriy yilda 157 taga oshdi.

Joriy yil yakuni bo‘yicha IT Park rezidentlari 1037 tani tashkil qildi. Ulardan 306 tasi eksportyor, 164 tasi dasturchi, 142 tasi BPO, 191 tasi ta’lim va 150 tasi xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar. Tahlil qilsak, yil boshiga nisbatan 7% o‘sish degani. Ular uchun qator imtiyozlar berilgan. Xususan, ijtimoiy soliqdan ozod qilinishi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 7,5% stavkada belgilanishi, qolaversa, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan dasturiy ta’minot vositalarini olib kirishdagi bojxona to‘lovlari undirilmasligi bunday kompaniyalar sonini ko‘paytirmasdan qolmaydi.

Tarmoqni rivojlantirishdagi yana bir muhim yo‘nalish – bu xalqaro hamkorlik. Bu borada xorijning nufuzli tashkilotlari bilan yaqin aloqa olib borilmoqda va ular o‘z sarmoyalarini O‘zbekistonga yo‘naltirmoqda. Xususan, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun yoshlarning imkoniyatlarini qo‘llab quvvatlash maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining 121 ming AQSH dollari miqdoridagi granti, ochiq ma’lumotlar sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv materiallarini yaratish va yoshlarni o‘qitish bo‘yicha Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining 145 ming dollarlik granti shular jumlasidan. Jahon banki tomonidan ajratilgan 1 mlrd dollar ham mamlakatimiz IT sohasining rivojlanishiga katta impuls beradi.

Ko‘plab imtiyozlarni o‘zida jamlagan “Bir million o‘zbek dasturchi” loyihasi doirasida 2,5 milliondan ortiq yosh ro‘yxatdan o‘tib shu sohaga qiziqish bildirdi. 1 million 700 mingdan ortiq yosh bitiruv sertifikatiga ega bo‘ldi. 

Joriy yilda Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro IT forumi ham O‘zbekiston IT tarmog‘i uchun samarali kechdi. “RevoTech” va AQSHning “Effika Corp” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan 20 million dollarlik memorandum, 150 mln dollaridan ortiq mablag‘lik “Toyota Tsusho Corporation” bilan imzolangan shartnoma, qolaversa, “KOIIA” tashkiloti Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutiga 1,65 million dollarlik sertifikat taqdim etgani tarmoq uchun katta potensialga ega. Xalqaro tashkilotlar va kompaniyalar O‘zbekistonning IT xabga aylanishdagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

IT’da yana bir istiqbolli yo‘nalish – bu frilanserlik. Axborot texnologiyalari kundan kunga rivojlanib, “frilanserlar”ga bo‘lgan talab ham tobora ortib bormoqda. Joriy yilda frilanserlar orqali amalga oshirilgan eksport hajmi qariyb 11 mln dollarni tashkil qildi. Mazkur sohada yuqori daromadga ega bo‘lish bilan birga, ko‘plab yoshlar o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlamoqda. Buni raqamlarda ko‘rsak, AKT sohasida o‘zini o‘zi band qilganlar soni 70 mingdan ortdi.

“ITwomen.Uz” loyihasi doirasida 205 ta IT markazda 4 532 nafar xotin-qiz o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomladi. USAID  bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Tumaris.Tech” loyihasidan ro‘yxatdan o‘tganlar 4 000 dan oshdi. 200 dan ziyod xotin-qizlarga tahsil olish imkoniyati yaratildi. 33 nafari esa dasturni muvaffaqiyatli tamomladi. Yana bir muhim loyiha – bu “Skil4girls”. UNISEF bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur loyiha qizlarni va turli nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni shu sohaga qiziqtirish va jalb qilishda samarali mexanizm bo‘ldi.

Mamlakatimizni mintaqaviy IT markazga aylantirish borasida:

24-27 oktabr kunlari Samarqand shahri “Silk Road Samarkand” majmuasida “ICTWEEK Uzbekistan – 2022” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi o‘tkazildi.

Uning doirasida 22 ta xalqaro tadbirlar bo‘lib o‘tib, 15 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Mahalliy va xorijiy IT-kompaniyalar o‘rtasida 200 mln. AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi bitim va shartnomalar imzolandi.